Luqo bayon etgan xushxabar
14 Bir safar Iso farziylarning boshliqlaridan birining uyiga Shabbat kuni mehmonga bordi va o‘sha yerdagilar uni diqqat bilan kuzata boshlashdi. 2 Isoning oldida istisqo kasalligiga* chalingan bir kishi bor edi. 3 Shunda Iso Tavrot tafsirchilari va farziylardan: «Shabbat kuni kasalni davolash qonuniymi?»+ — deya so‘radi. 4 Lekin ular lom-mim deyishmadi. Iso esa o‘sha odamga qo‘lini tekkizib shifoladi-da, jo‘natib yubordi. 5 So‘ng ularga shunday savol berdi: «Orangizdan kimningdir o‘g‘li yoki ho‘kizi Shabbat kuni quduqga tushib ketsa+, uni darhol chiqarib olmaydimi?»+ 6 Bunga ular hech qanday javob bera olishmadi.
7 Mehmonlar to‘rdan joy tanlashayotganini payqab, Iso ularga misol keltirib+ shunday dedi: 8 «Kimdir sizni nikoh bazmiga taklif qilsa, to‘rga chiqib yonboshlashga shoshilmang+. Ehtimol, taklif etilganlar orasida sizdan obro‘liroq kishi bordir. 9 Tag‘in mezbon kelib: “Qani, bu joyni unga bo‘shatib bering-chi”,— demasin. O‘shanda siz xijolat bo‘lib, ostonada o‘tirishga majbur bo‘lasiz. 10 Shuning uchun mehmonga chaqirilganda, ostonaga yonboshlang. Toki mezbon kelib: “Do‘stim, to‘rga o‘ting”,— desin. Shunda barcha mehmonlarning oldida sizga hurmat ko‘rsatiladi+. 11 Zero kim o‘zini yuqori tutsa — pasaytiriladi, kimki o‘zini past olib yursa — yuksaltiriladi»+.
12 Bundan keyin Iso mezbonga qarata shunday dedi: «Ziyofat uyushtirganingizda do‘st, aka-uka, qarindosh-urug‘ va boy qo‘shnilaringizni chaqirmang. Chunki ular bir kuni sizni ham chaqirib, mehmon qilishi mumkin. 13 Aksincha, ziyofat qilganingizda, kambag‘al, mayib, cho‘loq va ko‘rlarni chaqiring+. 14 Shunda baxtiyor bo‘lasiz. Boisi, ular sizni mehmon qila olishmaydi. Siz odil insonlar tirilgan vaqtda+ mukofot olasiz».
15 Buni eshitib, mehmonlardan biri: «Xudoning Shohligida taom yeydigan kishi baxtlidir»,— dedi.
16 Iso unga quyidagicha javob berdi: «Bir kishi ziyofat uyushtirib+, ko‘p mehmon chaqiribdi. 17 Ziyofat vaqti kelganda, u taklif etilganlarga: “Kelinglar, hammasi tayyor”,— deb aytish uchun xizmatkorini yuboribdi. 18 Lekin ularning hammasi bahona qila boshlabdi+. Birinchisi: “Men yer sotib oldim, uni ko‘rib kelishim kerak. Uzr, borolmayman”,— debdi. 19 Boshqasi bo‘lsa: “Men o‘nta ho‘kiz sotib oldim, ularni sinamoqchi edim. Kechirasiz, borolmayman”+,— deb aytibdi. 20 Uchinchisi: “Men yaqinda uylandim, shu sababli borolmayman”,— debdi. 21 Xizmatkor kelib, hammasini xo‘jayiniga aytib beribdi. Shunda u g‘azabga to‘lib, xizmatkoriga shunday debdi: “Tezda shaharning katta ko‘chalari va yo‘laklariga chiqib, kambag‘al, mayib, ko‘r va cho‘loqlarni bu yerga chaqirib kel”. 22 Bir ozdan keyin xizmatkor kelib: “Xo‘jayin, buyurganlaringizni bajardim-u, yana bo‘sh joylar bor”,— deb aytibdi. 23 Xo‘jayin bo‘lsa xizmatkoriga buyuribdi: “Yo‘llarga chiq, so‘qmoqlarga bor. Uchraganlarni bu yerga majburlab olib kel, toki uyim to‘lsin+. 24 Sizlarga aytib qo‘yay, dastlab chaqirilganlardan hech biri mening ziyofatimdan totib ko‘rmaydi”»+.
25 Iso bilan birga katta xaloyiq ketayotgan edi. Shunda u o‘girilib, ularga dedi: 26 «Agar kimdir oldimga kelsa-yu, mendan ko‘ra ota-onasini, xotin-bolalarini, aka-ukasini, opa-singillarini va o‘z jonini* ko‘proq sevsa*+, mening shogirdim bo‘la olmaydi+. 27 Kimki o‘zining azob ustunini* ko‘tarib ortimdan yurmasa, mening shogirdim bo‘la olmaydi+. 28 Misol uchun, orangizdan kimdir imorat* qurmoqchi bo‘lsa, uni bitirishga mablag‘i yetishini bilish uchun, avvaliga o‘tirib qancha xarajat ketishini hisoblab olmaydimi? 29 Aks holda, u poydevor solib, imoratni esa bitira olmasa, barcha ko‘rganlar uning ustidan kulib: 30 “Bu kishi qurishni boshlabdi-yu, bitira olmabdi-ya”,— deyishadi. 31 Yoki qaysi podshoh boshqa bir podshohga qarshi jangga otlanayotib, o‘zining 10 000 askari bilan 20 000 askarga qarshi chiqishga kuchi yetish-yetmasligini oldindan o‘tirib maslahatlashib olmas ekan? 32 Agar kuchi yetmasa, boshqa podshoh hali uzoqdaligida oldiga elchilarini yuborib sulh tuzadi. 33 Xullas, bilib qo‘yinglar, kimki o‘z mol-mulkidan voz kechmasa, mening shogirdim bo‘la olmaydi+.
34 Tuz albatta yaxshi narsa. Ammo u o‘z kuchini yo‘qotsa, unga qanday qilib ta’m bersa bo‘ladi?+ 35 Bunday tuz yerga ham, go‘ngga ham yaramay, axlatga tashlab yuboriladi. Qulog‘i borlar uqib olsin»+.