Matto bayon etgan xushxabar
24 Iso ma’baddan chiqib ketayotganida, yoniga shogirdlari kelib, uning e’tiborini ma’badning binolariga qaratmoqchi bo‘lishdi. 2 Iso esa ularga shunday dedi: «Bularning barini ko‘ryapsizlarmi? Ishonavering, bu yerda tosh ustida tosh qolmaydi, hammasi yer bilan yakson bo‘ladi»+.
3 Iso Zaytun tog‘ida o‘tirganida, shogirdlari yoniga kelib savol berishdi: «Bizga ayting-chi, bu voqealar qachon yuz beradi? Sizning hozir bo‘lishingizni*+ va zamon* oxirlab borayotganini qaysi belgidan bilib olamiz?»+
4 Iso ularga shunday javob berdi: «Ehtiyot bo‘linglar, tag‘in birov sizlarni yo‘ldan urmasin+. 5 Chunki ko‘plar mening nomim bilan kelib: “Men Masihman”,— deya ancha-munchasini yo‘ldan ozdirishadi+. 6 Urushlar shovqinini va urushlar xabarlarini eshitasizlar. Tag‘in vahimaga tushmanglar, axir bu voqealar yuz berishi muqarrar. Ammo bu hali oxirat emas+.
7 Xalq xalqga qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi+. Bir joyda, keyin boshqa joyda oziq-ovqat yetishmovchiligi+ va zilzilalar bo‘ladi+. 8 Bularning bari esa to‘lg‘oqning boshlanishi, xolos.
9 O‘sha paytda odamlar sizlarni qiynash+ va o‘ldirish+ uchun tutib berishadi. Mening nomim tufayli hamma xalqlar sizlardan nafratlanadi+. 10 Shuningdek, o‘shanda ko‘p odamlar imondan qaytadi va bir-biriga xiyonat qilib, bir-biridan nafratlanadi. 11 Talaygina soxta payg‘ambarlar paydo bo‘lib, ko‘plarni yo‘ldan uradi+. 12 Qonunsizlik ko‘payishi tufayli, ko‘pchilikning sevgisi soviydi. 13 Faqat oxirigacha chidagan qutuladi+. 14 Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi+. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi.
15 Shunday ekan, Doniyor payg‘ambar orqali bashorat qilinganiday, vayronagarchilik keltiradigan jirkanch narsa muqaddas joyda turganini ko‘rganingizda+ (o‘qigan o‘zi fahmlab olsin), 16 Yahudiyada bo‘lganlar tog‘larga qochsin+. 17 Tomda turgan kishi biror narsasini olish uchun pastga tushmasin. 18 Kim dalada bo‘lsa, ustki kiyimini olish uchun qaytmasin. 19 O‘sha kunlarda homilador bo‘lgan ayollar-u emizikli onalarning holiga voy! 20 Qochish vaqtingiz qishga yoki Shabbat kuniga to‘g‘ri kelib qolmasin, deb ibodat qilinglar. 21 Chunki o‘shanda shunaqangi buyuk musibat bo‘ladiki+, dunyo paydo bo‘lganidan beri bunaqasi hali bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi+. 22 Agar o‘sha kunlar qisqartirilmaganida edi, biron jonzot ham tirik qolmasdi. Ammo tanlangan kishilar uchun bu kunlar qisqartiriladi+.
23 Shunda birortasi sizlarga: “Qaranglar, Masih shu yerda!”+ yoki “Ana u yerda!” — deb aytsa ham ishonmanglar+. 24 Chunki ko‘pgina soxta Masihlar va soxta payg‘ambarlar+ paydo bo‘lib, iloji bo‘lsa hatto tanlanganlarni ham yo‘ldan ozdirish niyatida buyuk alomatlar-u mo‘jizalar ko‘rsatishadi+. 25 Men sizlarni bu haqda oldindan ogohlantirib qo‘yyapman. 26 Shuning uchun, biror kim: “Ana, u sahroda”,— desa ham, u yerga bormanglar. “Ana, u ichkari xonalarda”,— desa ham ishonmanglar+. 27 Zero Inson O‘g‘lining hozir bo‘lishi* go‘yo sharqda chaqnab, hatto g‘arbda ham barchaga ko‘rinadigan chaqmoqday bo‘ladi+. 28 O‘laksa qayerda bo‘lsa, burgutlar ham o‘sha yerda to‘planadi+.
29 O‘sha kunlardagi musibatdan so‘ng darhol quyosh qorayib+, oy nurini sochmay qo‘yadi. Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi+. 30 So‘ng osmonda Inson O‘g‘lining alomati paydo bo‘ladi va yer yuzidagi barcha qabilalar fig‘on chekib, ko‘kslariga urishadi+. Shunda ular Inson O‘g‘lining+ kuch-qudrat va shon-shuhrat bilan bulutlar uzra kelayotganini ko‘rishadi+. 31 U karnayning baland ovozi bilan farishtalarini yuboradi va ular osmonning bir chetidan ikkinchi chetiga qadar, dunyoning to‘rt tomonidan* Alloh tanlagan kishilarni yig‘ishadi+.
32 Anjir daraxtidan ibrat olinglar. Uning shoxlari ko‘karib, barg chiqarayotganidan yoz yaqinlashganini bilasizlar+. 33 Shunga o‘xshab, sizlar ham barcha bu voqealarni ko‘rganingizda, Inson O‘g‘li yaqin, eshik oldida turganini bilinglar+. 34 Ishonavering, bu avlod o‘tmasdanoq, bularning hammasi amalga oshadi. 35 Osmon bilan yer yo‘q bo‘lib ketadi, lekin mening so‘zlarim puchga chiqmaydi+.
36 U kun va u soat haqida osmondagi farishtalar ham, O‘g‘il ham bilmaydi+. Faqatgina samoviy Otam biladi+. 37 Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa+, Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida* ham shunday bo‘ladi+. 38 To‘fondan oldin, Nuh payg‘ambar kemaga kirguncha+, odamlar yeb-ichishgan, uylanib, erga tegishgan. 39 Ammo To‘fon kelib barini qirib tashlamaguncha+, ular parvo qilishmagan. Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida ham xuddi shunday bo‘ladi. 40 O‘shanda dalada yurgan ikki kishidan biri olinadi, biri qoldiriladi. 41 Tegirmon tortayotgan ikki ayoldan biri olinadi, biri qoldiriladi+. 42 Xullas, hushyor turinglar, chunki Hazratingiz qaysi kuni kelishini bilmaysizlar+.
43 Shuni bilib qo‘yinglarki, o‘g‘ri kechasi soat nechada kelishini uy egasi bilganida+, hushyor turib, uyiga o‘g‘ri tushishiga yo‘l qo‘ymasdi+. 44 Shunga o‘xshab, sizlar ham tayyor turinglar+, chunki Inson O‘g‘li sizlar o‘ylamagan soatda keladi.
45 Uyidagilarga rizq-ro‘zni vaqtida berib turish uchun xo‘jayin ular ustidan tayinlagan ishonchli va aqlli* xizmatkor kim?+ 46 Xo‘jayin qaytib kelgach, xizmatkorni o‘z vazifasini bajarayotgan holda ko‘rsa, bu xizmatkor naqadar baxtlidir!+ 47 Ishonavering, xo‘jayin bor mol-mulkini unga ishonib topshiradi.
48 Bordi-yu, xizmatkor ko‘nglida yomon niyat bilan: “Xo‘jayinim hali-beri kelmaydi”,— desa+ 49 va sheriklarini urib, piyonistalar bilan yeb-ichsa, 50 xo‘jayini kutilmagan kunda va u bilmagan soatda kelib qoladi+. 51 Shunda u xizmatkorini qattiq jazoga mubtalo qilib, ikkiyuzlamachilarning oldiga tashlaydi. O‘sha yerda u yig‘lab, tishlarini g‘ijirlatadi+.