Ibroniylarga
11 Imon bu umid qilayotgan narsalar amalga oshishidan shubhalanmaslikdir+. Garchi bu narsalar ko‘rinmaydigan bo‘lsa ham, bu narsalar chin ekaniga amin bo‘lishdir. 2 Ushbu imon tufayli qadimda yashagan kishilar Tangri ulardan mamnun ekani haqida shahodat olishgan.
3 Imon orqali biz, zamonalar* Xudoning kalomi bo‘yicha paydo bo‘lganini, ya’ni ko‘rinadigan narsalar ko‘rinmaydigan narsalardan vujudga kelganini anglab yetamiz.
4 Imon bilan Hobil Tangriga Qobildan ko‘ra yaxshiroq qurbonlik keltirgan+. Shu imoni tufayli u odil kishi deb topilgan, chunki Alloh uning in’omlarini ma’qul ko‘rgan+. Garchi Hobil o‘lgan bo‘lsa-da, imoni orqali hozirgacha gapirmoqda+.
5 Imoni tufayli Xano‘x+ payg‘ambar o‘lim ko‘rmasdan Alloh tomonidan olib ketilgan. Shunday qilib, uni hech kim topa olmagan+. Lekin olib ketilishdan oldin u Xudoning roziligini olgani haqida shahodatga ega bo‘lgan. 6 Ustiga-ustak imon bo‘lmasa Allohning roziligini olish imkonsizdir. Zero, Tangriga yaqinlashayotgan kishi Uning bor ekanligiga va Uni astoydil izlayotganlarni mukofotlashiga ishonishi lozim+.
7 Imoni bilan Nuh+ payg‘ambar hali ko‘rinmaydigan narsalar to‘g‘risida Tangri tomonidan ogohlantirilgach+, xudotars ekanini ko‘rsatib, uyidagilarni qutqarish uchun kema qurgan+. Imoni bilan u dunyoni hukm etib+, imon tufayli odillikning merosxo‘ri bo‘lgan.
8 Imoni orqali Ibrohim payg‘ambar+ Alloh uni chaqirib olganda Unga itoat etib, Xudo unga va’da qilgan joyga ketgan. Hatto o‘zi qayerga ketayotganini bilmasa-da, yo‘lga tushgan+. 9 Imonli bo‘lgani uchun u o‘sha va’da qilingan yerda musofir bo‘lib+, Is’hoq va Yoqub bilan chodirlarda yashagan+. Ular ham bu va’daning merosxo‘ri edilar+. 10 Chunki Ibrohim poydevori mustahkam, loyihachisi va bunyodkori Alloh bo‘lgan shaharni kutardi+.
11 Imoni tufayli Sora bibi ham yoshi o‘tib qolganiga qaramay homilador bo‘lgan*+, sababi u va’da qilgan Zot ishonchli ekaniga amin edi. 12 Shu yo‘sin, bitta insondan, buning ustiga avlod qoldirishga yaroqsiz* kishidan+, osmondagi yulduzlar va dengiz sohilidagi qum kabi son-sanoqsiz+ bolalar tug‘ilgan+.
13 Bu kishilarning hammasi o‘limgacha imonlarini saqlab qolgan. Garchi va’dalar ular yashagan paytda amalga oshmagan bo‘lsa-da+, bu va’dalarni uzoqdan ko‘rib quvonishgan+. O‘sha yurtda boshqalarga ham musofir hamda vaqtinchalik fuqarolar ekanini ochiqdan-ochiq e’lon etishgan. 14 Bunday deb e’lon etgan odamlar o‘zlari egallaydigan yerni astoydil izlashayotganini ko‘rsatishardi. 15 Bordi-yu, ular chiqqan yerlarini+ qo‘msashganida edi, imkon topib unga qaytib borgan bo‘lishardi. 16 Ammo ular undan yaxshiroq bo‘lgan osmonga taalluqli joyga intilmoqdalar. Shu bois Alloh, ular Uni «Xudo» deb chaqirishidan uyalmay+, ularga bir shahar tayyorlab qo‘ygan+.
17 Imoni tufayli Ibrohim sinalgan vaqtida+, Is’hoqni go‘yo qurbonlikka keltirganday bo‘lgan. Ha, va’dalarni quvonch bilan qabul qilgan o‘sha kishi yagona o‘g‘lini qurbonlikka keltirmoqchi edi+. 18 Garchi unga: «Senga va’da qilingan zurriyot* Is’hoqdan kelib chiqadi»+,— deb aytilgan bo‘lsa ham, 19 Ibrohim payg‘ambar Alloh uning o‘g‘lini tiriltirishga qodir deb hisoblardi. Chindan ham u o‘g‘lini o‘limdan qaytarib olgan va bu kelajakda bo‘ladigan voqeaning ramzi bo‘lib qolgan+.
20 Imoni orqali Is’hoq Yoqub+ bilan Esovga+ kelajakka taalluqli duosini bergan.
21 Imoni bilan Yoqub olamdan ko‘z yumayotganda+, Yusufning har bir o‘g‘lini duo qilib+, hassasiga suyanib Allohga sajda etgan+.
22 Imoni tufayli Yusuf ham o‘lim to‘shagida yotganida, Isroil o‘g‘illarining Misr yurtidan chiqishini aytib, o‘zining suyaklarini u yerdan olib ketish haqida yo‘l-yo‘riqlar bergan+.
23 Muso payg‘ambarning ota-onasi imonli bo‘lgani uchun uning tug‘ilganidan keyin uch oy davomida uni yashirgan+. Chunki ular chaqaloq chiroyli ekanini ko‘rib+ shohning buyrug‘idan ham qo‘rqishmagan+. 24 Muso ulg‘ayganda+, imoni tufayli fir’avn qizining o‘g‘li deb atalishdan voz kechgan+. 25 U gunohdan vaqtinchalik huzur-halovat olishdan ko‘ra, Xudoning xalqi bilan azob-uqubat chekishni afzal ko‘rgan. 26 U mukofotga ko‘z tikkani uchun Misr xazinalaridan ko‘ra, moylangan* qatori boshiga tushgan haqoratlarni ulug‘roq xazina deb hisoblagan. 27 Imonli bo‘lgani uchun Muso payg‘ambar Misr yurtini tark etgan+. Ammo buni shohning g‘azabidan qo‘rqqani uchun qilmagan+, chunki u ko‘rinmas Zotni+ ko‘rganday sabotli edi. 28 Imoni bilan u Fisih bayramini* nishonlab, Tangrining farishtasi ularning to‘ng‘ichlarini halok qilmasligi uchun eshiklarining yondorlariga qon sachratgan+.
29 Imonli bo‘lishgani uchun ular Qizil dengizdan xuddi quruqlikdan o‘tganday o‘tishgan+. Misrliklar ham o‘tishga harakat qilgach, cho‘kib ketishgan+.
30 Xalq imoni tufayli Yerixo atrofida yetti kun aylangandan keyin shahar devorlari qulab tushgan+. 31 Fohisha Rahoba ham imoni bo‘lgani uchun itoat etmaganlar bilan birga halok bo‘lmagan, sababi u ayg‘oqchilarni do‘stona qabul qilgan+.
32 Yana kimlar haqida gapiray? Gido‘n+, Baraq+, Shimsho‘n+, Yiftox+, Dovud+, Shomuil+ hamda boshqa payg‘ambarlar to‘g‘risida aytib berishga vaqtim yetmaydi. 33 Ular imonlari bilan shohlarni mag‘lub qilishgan+, adolat o‘rnatishgan, Allohdan va’dalarni olishgan+, sherlarning og‘izlarini yopishgan+. 34 Shuningdek, ular lovullagan olovni o‘chirib yuborishgan+, qilich tig‘idan qochib qutulishgan+, zaif bo‘lganda quvvatga to‘lishgan+, jangda matonat ko‘rsatishgan+, dushmanlarning qo‘shinini tor-mor qilishgan+. 35 Ayollarning o‘lgan yaqinlari tirilishgan+. Boshqa kishilar esa o‘limgacha jafo tortishgan, chunki ular yaxshiroq tirilishga ega bo‘lish uchun har qanday to‘lov orqali ozod etilishni qabul qilishmagan. 36 Tag‘in boshqalar masxaralanish-u qamchilanishlarni boshdan kechirishgan. Buning ustiga kishanlanishgan+, qamoqga o‘tqazilishgan+. 37 Ularni toshbo‘ron qilishgan+, imonlarini sotishsin deya, ularni sinashgan, arralashgan, qilich bilan vahshiylarcha o‘ldirishgan+. Qo‘y va echkilarning terisini kiyib+, sarson-sargardon yurishgan, muhtojlikka duch kelishgan, azob-uqubat chekishgan+ hamda yomon muomalaga giriftor bo‘lishgan+. 38 Ular cho‘l-sahrolarda, tog‘larda kezib yurib, g‘orlar-u yer ostidagi chuqurliklarda yashashgan+. Lekin butun dunyo bunday kishilarning tirnog‘iga ham arzimagan.
39 Garchi ularning barchasi imonlari tufayli o‘zlari haqida shahodat olgan bo‘lsa-da, Alloh va’da qilgan narsalarga erishmagan. 40 Ular bizdan avval* kamolotga erishmasin deya, Tangrining O‘zi bizlarga yaxshiroq narsa atab qo‘ygan+.