Mehribonlik. Ham so‘zda, ham amalda namoyon bo‘ladi
MEHRIBONLIK dalda va tasalli baxsh etadi! Kimdir bizga g‘amxo‘rlik qilsa, juda minnatdor bo‘lamiz. Har birimizga bu ajoyib fazilat yoqar ekan, uni qanday qilib rivojlantira olamiz?
Mehribonlik fazilati boshqalarning manfaatini ko‘zlab samimiy qiziqish ko‘rsatishdir. Bu ham so‘zda, ham amalda namoyon bo‘ladi. Garchi u amalda ko‘rsatilsa-da, shunchaki hurmat yuzasidan namoyon etiladigan fazilatdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Chuqur sevgi va rahmdillik tufayli haqiqiy mehribonlikni namoyon eta olamiz. Eng asosiysi, u muqaddas ruh samarasi bo‘lgani uchun uni namoyon etishga undalamiz. (Galat. 5:22, 23) Mehribonlik fazilatini rivojlantirishimiz kerak. Shunday ekan, keling, qanday qilib Yahova hamda Uning O‘g‘li bu fazilatni ko‘rsatishgani va biz Ularga qay yo‘sin taqlid qila olishimiz mumkinligi haqida fikr yuritaylik.
YAHOVA HAMMAGA MEHRIBON
Yahova hammaga, «hatto noshukur va yovuz bandalariga» nisbatan mehribondir. (Luqo 6:35) Masalan, Yahova «O‘z quyoshini yovuzlar ustidan ham, yaxshilar ustidan ham balqitadi, yomg‘irini odillar ustiga ham, adolatsizlar ustiga ham yog‘diradi». (Mat. 5:45) Hatto Yaratuvchisi Yahova ekanini bilmagan kishilar ham U hayot uchun mehr ila taqdim etgan yaxshiliklaridan foyda ko‘rib, muayyan darajada baxtiyorlikni his etmoqda.
Yahova Odamato bilan Momohavoga qilgan munosabati U mehribon Xudo ekanini yaqqol ko‘rsatyapti. Ular gunoh qilganidan ko‘p vaqt o‘tmay, «anjir barglarini bir-biriga biriktirib, uyatli joylarini yopib olishdi». Lekin Yahova ular Adan bog‘i tashqarisida, «tikanu yantoq» o‘sadigan qarg‘ishga qolgan yerda yashashi uchun ularga munosib kiyim kerak bo‘lishini bilgan. Shuning uchun, Xudo ularga mehr ila «teridan uzun kiyim tayyorlab» bergan. (Ibt. 3:7, 17, 18, 21)
Garchi Yahova ham yovuz, ham yaxshi odamlarga mehribonlik ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ayniqsa, O‘zining sodiq xizmatchilariga bu fazilatni namoyon etadi. Masalan, Zakariyo payg‘ambarning davrida odamlar Quddusdagi ma’badni ta’mirlamay qo‘yishganda farishta tashvishga tushgan edi. Yahova farishtaning xavotirlarini tinglab, «mehr va tasalli beruvchi so‘zlar» aytgan. (Zakr. 1:12, 13) Yahova shuningdek, Ilyos payg‘ambarga ham mehr ko‘rsatgan. Bir safar u shu qadar qattiq qayg‘urganki, hatto Yahovadan o‘ziga o‘lim tilagan. Yahova esa uning tuyg‘ulariga e’tiborli bo‘lib, farishtasi orqali uni mustahkamlagan. Buning ustiga, Alloh uni yolg‘iz emasligiga ishontirgan. Ilyos mehrga to‘la so‘zlarni eshitib, muhtoj bo‘lgan ko‘makni olgach, o‘z vazifasini bajarishga tayyor bo‘lgan. (3 Shoh. 19:1–18) Xo‘sh, Xudoning xizmatchilari orasida U kabi bu fazilatni a’lo tarzda namoyon etgan shaxs kim?
ISO JUDA MEHRIBON
Yer yuzidagi xizmati davomida Iso boshqalarga mehribon bo‘lib, e’tiborli edi. U qo‘pol, o‘z so‘zini o‘tkazadigan bo‘lmagan. Iso rahmdillik ila shunday degan: «Ey, zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlar, barchangiz oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman». (Mat. 11:28–30) Isoning mehribonligi tufayli odamlar uning ortidan ergashgan. Iso ularga achingani uchun to‘yg‘azgan, shifo bergan va Otasi haqida «ko‘p narsalarni» o‘rgatgan. (Mark 6:34; Mat. 14:14; 15:32–38)
Mehribon bo‘lgani uchun Iso boshqalar bilan munosabat qilganda mulohazakor va fahm-idrokli bo‘lgan. Vaziyati qanday bo‘lishidan qat’i nazar Iso samimiy bo‘lgan barchani «ochiq chehra bilan qarshi olgan». (Luqo 9:10, 11) Misol uchun, bir safar Tavrotga binoan nopok deb hisoblangan ayol shifo topish niyatida Isoning ustki kiyimiga tekkanda, uni koyib bermagan. (Lev. 15:25–28) 12 yildan beri qon ketishidan azob chekkan o‘sha ayolga u: «Singlim, ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz. Eson-omon borib, og‘ir darddan forig‘ bo‘ling»,— degan. (Mark 5:25–34) Naqadar ajoyib mehribonlik!
SAVOB ISHLAR MEHRIBONLIKDAN DALOLAT
Yuqoridagi misollardan ko‘rganimizday, chinakam mehribonlik amalda namoyon etiladi. Samariyalik kishi haqida misol keltirib, Iso mehribonlikni amalda ko‘rsatish kerakligini ta’kidlagan. Garchi samariyaliklar va yahudiylar o‘zaro dushman bo‘lgan bo‘lishsa-da, o‘sha misoldagi samariyalik kishi kiyimi yechilgan, do‘pposlangan va yo‘lda chala o‘lik holatda yotgan yahudiyga achingan. O‘sha samariyalik kishi mehribonlik tufayli shunday qilgan. U yahudiy kishining yaralarini bog‘lab, uni mehmonxonaga olib borgan. Qolaversa, u mehmonxona egasiga jarohatlangan bu kishiga g‘amxo‘rlik qilishi uchun pul to‘lagan va hatto qo‘shimcha xarajatlar uchun ham to‘lashga tayyor ekanini aytgan. (Luqo 10:29–37)
Mehribonlikni amalda ko‘rsatishdan tashqari, o‘ylab aytilgan daldali so‘zlar orqali ham namoyon etish mumkin. Muqaddas Kitobda: «G‘am-tashvish odamning qalbini ezadi, yaxshi so‘z esa ko‘nglini ko‘taradi»,— deb yozilgan. (Hik. 12:25) Boshqalarga nisbatan mehribonlik va himmat fazilatlarini ko‘rsatsak, ularga dalda baxsh etadigan so‘zlarni aytib, o‘zini baxtliroq his etishiga yordam beramiza. Mehr ila aytgan so‘zlarimiz orqali ularga g‘amxo‘rlik qilayotganimizni ko‘rsata olamiz. Bu dalda tufayli ular duch kelayotgan qiyinchiliklari bilan kurashish uchun kuch topa oladi. (Hik. 16:24)
MEHRIBONLIK FAZILATINI RIVOJLANTIRING
Alloh odamni «O‘ziga o‘xshash qilib yaratgan» ekan, barchamiz mehribon bo‘la olamiz. (Ibt. 1:27) Masalan, rimlik yuzboshi Yuliyga havoriy Pavlusni Rimga olib borish topshirilgan. Ular Sidon shahriga yetib kelishganida u Pavlusga «odamgarchilik ko‘rsatib, do‘stlari unga g‘amxo‘rlik qilishsin, deya ularning oldiga borishga ruxsat etgan». (Havor. 27:3) Ko‘p vaqt o‘tmay, Malta orolida yashovchi odamlar kema halokatiga duch kelgan Pavlus va boshqalarga «insoniylik» ko‘rsatishgan. Ular odamlar isinishsin deb hatto gulxan yoqishgan. (Havor. 28:1, 2) Ha, bu maqtovga sazovor harakat. Shuni aytish joizki, haqiqiy mehribonlik onda-sonda yaxshi ishlar qilishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi.
Xudoni mamnun etishni xohlasak, bu fazilatni doim namoyon etib, ham shaxsiyatimiz, ham hayotimizning bir qismiga aylantirishimiz lozim. Shu bois, Yahova bizga mehribonlik fazilatiga «burkaninglar» deb aytmoqda. (Kolos. 3:12) Shuni tan olish kerakki, bu ilohiy fazilatni namoyon etish doim ham oson emas. Qiziq, nima uchun? Sababi uyalish, ishonchsizlik, ta’qiblar yoki qaysidir ma’noda xudbinligimiz ham bizga xalaqit berishi mumkin. Biroq muqaddas ruhning kuchiga tayanib, Yahova namoyon etayotgan mehribonlik fazilatiga taqlid qilsak shu kabi qiyinchiliklarni yenga olamiz. (1 Kor. 2:12)
Qaysi sohalarda yanada mehribonroq bo‘lishimiz mumkin? O‘zimizga quyidagi savollarni berishimiz kerak: «Boshqalarni hamdardlik ila tinglaymanmi? O‘zgalarning ehtiyojlariga e’tiborlimanmi? Qachon oxirgi marta qarindoshim yoki yaqin do‘stim bo‘lmagan insonga mehribonlik namoyon etganman?» Keyin esa, maqsadlar qo‘yishimiz mumkin, masalan, atrofimizdagi odamlar, ayniqsa, jamoatdagi imondoshlarimiz bilan yaqinroq tanishib olsak bo‘ladi. Shunday qilib, ularning sharoiti-yu ehtiyojlari haqida ko‘proq bilib olamiz. Shuningdek, o‘zimizga qanday mehribonlik ko‘rsatilishini xohlasak, boshqalarga ham shunday mehribonlikni namoyon etishga harakat qilishimiz darkor. (Mat. 7:12) So‘ng, mehribonlik fazilatini rivojlantirish uchun Yahovadan yordam so‘rasak, U harakatlarimizga baraka beradi. (Luqo 11:13)
MEHRIBONLIK BOSHQALARNI JALB QILADI
Havoriy Pavlus uni Xudoning xizmatchisi sifatida ko‘rsatadigan fazilatlarni sanab o‘tganda, «mehribonlikni» ham keltirgan. (2 Kor. 6:3–6) Pavlus shaxsiy qiziqish ko‘rsatgani, ya’ni mehr ila aytgan so‘zlari-yu qilgan ishlari odamlarni haqiqatga jalb etgan. (Havor. 28:30, 31) Shu singari, biz ham mehribonlikni namoyon etsak, odamlarni haqiqatga jalb qila olamiz. Doimo va hatto bizga qarshi bo‘layotganlarga nisbatan ham mehribonlikni ko‘rsatsak, ularning yuragi yumshab, jahlidan tushishi hech gap emas. (Rim. 12:20) Ba’zida bu ularni xushxabarni qabul qilishga undashi mumkin.
Kelajakda yer yuzidagi jannatda behisob kishilar tiriltirilganda, shubhasizki, ular ehtimol ilk bor haqiqiy mehribonlikni his etishar. Minnatdor bo‘lib, ular ham boshqalarga mehribonlik ko‘rsatishadi. Gap shundaki, mehribon bo‘lishni va boshqalarga yordam berishni istamaydigan kishilar uchun Xudoning Shohligi boshqaruvi ostida joy yo‘q. Ammo Alloh abadiy yashash uchun munosib deb topgan kishilar sevgi hamda mehrga to‘la dunyoda yashaydi. (Zab. 37:9–11) Bu xavfsiz va tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan zamon bo‘ladi! Ushbu ajoyib payt kelmagan ekan, qay yo‘sin mehribonlik fazilatini namoyon etib, hozirning o‘zida foyda olishimiz mumkin?
MEHRIBONLIK FOYDA KELTIRADI
Muqaddas Kitobda: «Mehribon odamning joni orom topadi»,— deyilgan. (Hik. 11:17) Mehribonlik boshqalarni bizga yaqinlashtirib, ularni ham bunday yo‘l tutishga chorlaydi. Iso shunday deb aytgan: «Sizlar qanday o‘lchov bilan o‘lchasangiz, ular ham sizlarga shunday o‘lchov bilan o‘lchab berishadi». (Luqo 6:38) Shu yo‘sin, mehribon odam uchun boshqalar bilan qalin do‘st bo‘lib qolish osonroq bo‘ladi.
Pavlus Efesdagi imondoshlarini «bir-biringizga mehribon, rahm-shafqatli bo‘linglar... bir-biringizni chin dildan kechiringlar» deb undagan. (Efes. 4:32) Jamoatning barcha a’zolari rahmdil bo‘lib, bir-biriga mehribonlik ila yordam berishga intilsa, ular katta foyda oladi. Ular hech qachon ranjitadigan so‘zlarni aytmaydi, tanqid qilmaydi va piching qilib gapirmaydi. G‘iybat tarqatishning o‘rniga, ular boshqalarga ko‘maklashadigan so‘zlarni gapiradi. (Hik. 12:18) Natijada esa jamoat ma’nan gullab-yashnaydi.
Darhaqiqat, mehribonlik ham so‘zda, ham amalda namoyon bo‘ladi. Mehribon bo‘lsak, g‘amxo‘r va saxiy Xudoyimiz Yahovaga taqlid qila olamiz. (Efes. 5:1) Qolaversa, jamoatlarimizni mustahkamlab, boshqalar haq topinishda qo‘shilishiga hissa qo‘shamiz. Iloyim, odamlar bizni mehribonlik fazilatini namoyon etadigan inson deb bilsin!
a To‘qqizta fazilatdan iborat bo‘lgan muqaddas ruh samarasi turkumidagi keyingi maqolalarning birida himmat fazilati ko‘rib chiqiladi.