Mark bayon etgan xushxabar
11 Ular Quddusga, Zaytun tog‘ida joylashgan Baytfagiya va Baytaniyaga+ yaqinlashib qolishganida, Iso o‘zidan oldin ikki shogirdini jo‘natib+, 2 ularga shunday dedi: «Ro‘parangizdagi qishloqga boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, hali hech kim minmagan xo‘tikni bog‘langan holda topasizlar. Uni yechib olib kelinglar. 3 Mabodo kimdir sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” — deb so‘rab qolsa, unga: “Bu xo‘tik Hazratimizga kerak, uni darhol qaytarib beradi”,— deb aytinglar». 4 Shogirdlar borishdi va ko‘chada eshik oldida bog‘langan xo‘tikni topib, uni yechishdi+. 5 O‘sha yerda turgan ba’zi odamlar esa: «Nimaga xo‘tikni yechyapsizlar?» — deb so‘rashdi. 6 Shogirdlar xuddi Iso aytganiday javob berishdi va odamlar ularga ruxsat berishdi.
7 Ular xo‘tikni olib kelib+, ustiga o‘z kiyimlarini yozishdi va Iso xo‘tikka mindi+. 8 Shuningdek, ko‘pchilik o‘z kiyimlarini, boshqalar esa yo‘l bo‘yidagi daraxtlarning novdalarini kesib, uning yo‘liga poyandoz qilishardi+. 9 Isoning oldi va orqasida kelayotganlar tinmay shunday deya xitob qilishardi: «Yolvoramiz, unga najot ber!+ Yahovaning* nomidan kelayotgan muborakdir!+ 10 Otamiz Dovudning kelayotgan Shohligi muborak bo‘lsin!+ Ey, samoda bo‘lgan Xudo, yolvoramiz, unga najot ber!» 11 Iso Quddusdagi ma’badga kirib, atrofdagi barcha narsaga nazar tashladi. Vaqt kech bo‘lib qolgani uchun, u 12 shogirdi bilan birga Baytaniyaga bordi+.
12 Ertasiga, Baytaniyadan qaytishayotganda, Isoning qorni ochdi+. 13 U uzoqdan barglari chiqqan anjir daraxtini ko‘rib, birorta mevasi bormikin, deya yoniga bordi. Ammo barglardan boshqa hech narsa topa olmadi, chunki hali anjir terish vaqti emasdi. 14 Shuning uchun Iso: «Bundan buyon sening mevangni hech kim yemasin»+,— dedi. Shogirdlari esa buni eshitib turishgan edi.
15 So‘ng ular Quddusga kelishdi. Iso ma’badga kirib, oldi-sotdi qilayotganlarning hammasini quvib chiqardi. Pul almashtiruvchilarning peshtaxtalarini va kaptar sotuvchilarning kursilarini ag‘darib yubordi+. 16 Hatto ma’bad ichidan biror narsa ko‘tarib o‘tishga ham ruxsat bermadi. 17 U ta’lim berib, shunday derdi: «Muqaddas Yozuvlarda: “Mening uyim barcha xalqlar ibodat qiladigan uy deb ataladi”+,— deyilgan. Sizlar bo‘lsa uni qaroqchilar uyasiga aylantirib yubordingizlar»+. 18 Bosh ruhoniylar bilan ulamolar esa buni eshitib, Isoni o‘ldirish payiga tushishdi+. Ular Isodan qo‘rqishardi, chunki hamma uning ta’limotidan lol qolgandi+.
19 Kech kirganda, ular shahardan chiqib ketishdi. 20 Erta tongda ular yana anjir daraxti yonidan o‘tib ketayotib qarashsa, u tomirigacha qurib qolibdi+. 21 Shunda Butrus kechagi voqeani eslab: «Ustoz qarang, siz la’natlagan anjir daraxti qurib qolibdi!»+ — dedi. 22 Iso javoban ularga quyidagilarni aytdi: «Allohga e’tiqod qilinglar. 23 Ishonavering, agar kimdir bu tog‘ga: “Ko‘taril-da, dengizga otil”,— desa va qalbida shubha qilmay, aytgani bajo bo‘lishiga ishonsa, o‘sha narsa bo‘ladi+. 24 Shuning uchun sizlarga aytyapman: ibodatda nimaiki so‘rasangizlar, uni olishingizga aniq ishoninglar va o‘sha narsaga ega bo‘lasizlar+. 25 Ibodat qilib turganingizda, birovdan norozi bo‘lsangiz, uni kechiringlar. Shunda osmondagi Otangiz ham ayblaringizni kechiradi»+. 26 * ——
27 Keyin ular yana Quddusga kelishdi. Iso ma’badda yurganida, bosh ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar uning yoniga kelib: 28 «Bu ishlarni qanday huquq bilan qilyapsan? Bu huquqni senga kim berdi?» — deya so‘rashdi+. 29 Iso ularga javoban dedi: «Men ham sizlarga bir savol beray. Agar javob bersangizlar, men ham qanday huquq bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. 30 Qani aytinglar-chi: Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirish huquqini+ Xudodan* olganmi yo odamlardanmi?»+ 31 Ular esa o‘zaro shunday fikr yurita boshlashdi: «“Xudodan”,— desak, u bizga: “Bo‘lmasa nega unga ishonmadingizlar?” — deydi. 32 Balki: “Odamlardan”,— dermiz?» Biroq ular xaloyiqdan qo‘rqishardi, chunki hammasi Yahyoni haqiqatan ham payg‘ambar bo‘lgan, deb hisoblardi+. 33 Oxiri ular Isoga javob berib: «Bilmaymiz»,— deyishdi. Iso esa ularga: «Unda men ham bu ishlarni qanday huquq bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman»,— dedi.