Luqo bayon etgan xushxabar
20 Bir kuni Iso ma’badda xalqga ta’lim berib, xushxabarni e’lon qilayotganida, bosh ruhoniylar, ulamolar hamda oqsoqollar kelib: 2 «Bizga ayt-chi, bu ishlarni qanday huquq bilan qilyapsan? Bu huquqni senga kim berdi?» — deya so‘rashdi+. 3 Iso ularga shunday dedi: «Men ham sizlarga bir savol beray. Qani aytinglar-chi: 4 Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirish huquqini Allohdan* olganmi yo odamlardanmi?» 5 Ular esa o‘zaro shunday fikr yurita boshlashdi: «“Allohdan”,— desak, u bizga: “Bo‘lmasa nega unga ishonmadingizlar?” — deydi. 6 Ammo: “Odamlardan”,— desak, butun xalq bizni toshbo‘ron qiladi. Axir hamma Yahyoni payg‘ambar deb hisoblaydi-ku»+. 7 Shunda ular: «Bilmaymiz»,— deb aytishdi. 8 Iso ham ularga: «Unda men ham bu ishlarni qanday huquq bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman»,— dedi.
9 Keyin Iso xalqga quyidagi masalni keltirdi: «Bir kishi uzumzor+ o‘tqazibdi-da, uni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi esa uzoq muddatga safarga ketibdi+. 10 Hosil yig‘ish payti kelganda, bog‘bonlar uzumzordan biroz meva terib berishsin, deb ularning oldiga xizmatkorini yuboribdi. Ammo bog‘bonlar uni urib, quruq qo‘l bilan jo‘natishibdi+. 11 Uzumzor egasi yana bir xizmatkorni yuboribdi. Lekin ular uni ham urib, xo‘rlab, qup-quruq jo‘natishibdi. 12 U uchinchisini jo‘natgan ekan, bog‘bonlar uni ham jarohatlab, haydab yuborishibdi. 13 Shunda uzumzor egasi: “Nima qilsam ekan? Sevikli o‘g‘limni+ yubora qolay-chi. Balki unga hurmat ko‘rsatishar”,— debdi. 14 Bog‘bonlar uni ko‘rib, bir-biriga: “Axir bu merosxo‘r-ku! Kelinglar, uni o‘ldiraylik. Shunda meros o‘zimizga qoladi”,— deyishibdi. 15 Ular o‘g‘ilni uzumzordan tashqariga chiqarib, o‘ldirishibdi+. Xo‘sh, uzumzor egasi bog‘bonlarni endi nima qilar ekan? 16 U kelib, bog‘bonlarni o‘ldiradi-da, uzumzorni boshqalarga ijaraga beradi».
Buni eshitganlar: «Aslo bunday bo‘lmasin!» — deyishdi. 17 Ammo Iso ularga tikilib, shunday dedi: «Unda Muqaddas Yozuvlardagi: “Quruvchilar keraksiz deb tashlagan tosh, burchakka qo‘yiladigan negiz toshi* bo‘lib chiqdi”+,— degan so‘zlar nimani anglatadi? 18 Bu toshning ustiga yiqilgan har qanday kishi parchalanib ketadi+. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib tashlaydi».
19 Ulamolar bilan bosh ruhoniylar Iso bu masalni ular haqida aytganini payqab, uni shu ondayoq qo‘lga tushirmoqchi bo‘lishdi-yu, biroq xalqdan qo‘rqishdi+. 20 Isoni zimdan kuzatib, ular uning oldiga bir necha kishini yuborishdi. Bu kishilar o‘zlarini samimiy qilib ko‘rsatib, Isoni so‘zidan tuzoqga ilintirib+, hukumatga, hokimning qo‘liga topshirmoqchi bo‘lishdi. 21 Ular Isoga shunday deyishdi: «Ustoz, siz rostgo‘y, to‘g‘ri ta’lim beradigan hamda yuz-xotir qilmaydigan kishisiz. Siz Allohning yo‘li to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatishingizni bilamiz. 22 Ayting-chi, podshohga* soliq to‘lash kerakmi yoki yo‘qmi?» 23 Iso ularning makkorligini sezib: 24 «Qani, menga dinorni* ko‘rsatinglar-chi. Bu yerdagi surat va ism kimniki?» — deya so‘radi. Ular: «Podshohniki»,— deyishdi. 25 Shunda Iso ularga: «Unda podshohning haqini podshohga+, Allohning haqini Allohga beringlar»+,— deb javob berdi. 26 Ular xalq oldida Isoni so‘zidan tuzoqga ilintira olishmadi. Aksincha, uning javobidan hayratda qolib, lom-mim deyisholmadi.
27 So‘ng tirilishga ishonmaydigan sadduqiylardan+ ayrimlari kelib Isoga shunday savol berishdi+: 28 «Ustoz, Muso payg‘ambarimiz: “Agar kishi farzand ko‘rmay o‘tib ketsa, ukasi uning xotiniga uylanib akasiga avlod qoldirishi kerak”+,— deb yozgan edilar. 29 Bizda yettita aka-uka bor edi. Kattasi uylanib, farzand ko‘rmay o‘tib ketdi. 30 Uning xotiniga ikkinchisi, 31 keyin uchinchisi uylandi. Shunday qilib, yettovi ham uni xotinlikka oldi. Ammo hammasi bola ko‘rmay vafot etdi. 32 Oxiri ayol ham qazo qildi. 33 Xo‘sh, o‘lganlar tirilganda, bu ayol qaysi birining xotini hisoblanadi? Axir yettovi ham unga uylangan-ku».
34 Iso ularga javoban dedi: «Ushbu zamonaning* farzandlari turmush qurishadi. 35 Kelajak zamonada yashash va tirilishga loyiq topilganlar esa turmush qurishmaydi+. 36 Ular farishtalar kabi bo‘lishgani bois, boshqa o‘lishmaydi. Tirilgandan so‘ng esa Tangrining farzandlari bo‘lishadi. 37 Hatto Muso payg‘ambar ham yonayotgan buta haqida aytib berayotganda, Yahovani* “Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Xudosi”+, deb atab, o‘liklar tirilishiga ishora qilgan. 38 U o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Zero U uchun ularning hammasi tirikdir»+. 39 Shunda ulamolardan ba’zilari: «Yaxshi gapirdingiz, Ustoz»,— deb aytishdi. 40 Bundan keyin ular biror narsa so‘rashga botina olishmadi.
41 Iso bo‘lsa ulardan so‘radi: «Nima uchun Masihni Dovudning o‘g‘li deyishadi?+ 42 Axir Dovudning o‘zi Zabur kitobida shunday deb aytgan-ku: “Yahova* Hazratimga dedi: 43 “Dushmanlaringni oyog‘ing ostiga kursi qilmagunimcha, Mening o‘ng tomonimda o‘tirib tur”+. 44 Agar Dovud uni “Hazratim” deb atagan bo‘lsa, unda qanday qilib u Dovudning o‘g‘li bo‘la oladi?»
45 Butun xalq Isoni tinglab turganida, u shogirdlariga quyidagilarni aytdi: 46 «Ulamolardan ehtiyot bo‘linglar. Ular uzun kiyimda yurishni, bozor maydonlarida alik olishni, ibodatxonalarda yuqori o‘rinni egallashni va ziyofatlarda to‘rda o‘tirishni yaxshi ko‘rishadi+. 47 Shuningdek, ular bevalarning mol-mulkini talon-toroj qilib, xo‘jako‘rsinga uzun-uzun duolar o‘qishadi. Bundaylar og‘irroq hukmga mubtalo bo‘lishadi».