23-TADQIQ MAQOLASI
2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova
Yahovaning ismi siz uchun qanchalik muhim?
Yahova bunday demoqda: «Sizlar Mening shohidlarimsiz». (ISHAYO 43:10)
ASOSIY FIKR
Yahovaning ismini muqaddas qilish va oqlashda tutgan o‘rnimizni ko‘rib chiqamiz.
1, 2. Yahovaning ismi Iso uchun muhim ekanini qayerdan bilamiz?
YAHOVANING ismi Iso uchun juda muhim ahamiyatga ega. U Otasining ismini himoyalaydigan asosiy shaxsdir. O‘tgan maqolada bilib olganimizday, Iso Otasi muqaddas ekanini va Uning barcha yo‘llari to‘g‘ri ekanini isbotlash uchun o‘lishga ham tayyor bo‘lgan. (Mark 14:36; Ibron. 10:7–9) Ming yillik boshqaruvidan so‘ng Iso Yahovaning ismi oqlanishi uchun butun hokimiyatni tayyorlik ila Otasiga qaytaradi. (1 Kor. 15:26–28) Isoning Xudo ismiga bo‘lgan sevgisi, shuningdek, Otasi bilan bo‘lgan munosabatlari haqida ko‘p narsani ochib beryapti. Shak-shubhasizki, bu Iso mazkur ism ortida turgan Shaxsni sevishini isbotlayapti.
2 Iso yer yuziga Otasining nomidan kelgan. (Yuhan. 5:43; 12:13) U Otasining ismini izdoshlariga ma’lum qilgan. (Yuhan. 17:6, 26) U ta’lim berganda va mo‘jizalar yaratganda buni Yahovaning nomidan qilgan. (Yuhan. 10:25) Ibodatida Iso Yahovadan nomi haqqi shogirdlarini himoya qilishni so‘ragan. (Yuhan. 17:11) Ko‘rinyaptiki, Iso uchun Xudoning ismi hamma narsadan muhimroq bo‘lgan. Unda qanaqasiga o‘zini Masihning chinakam izdoshi deb da’vo qilayotgan kishi uning Otasining ismini bilmasligi yo uni qo‘llamasligi mumkin?
3. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?
3 Isoning izidan yurishga intilayotgan masihiylar sifatida Otasining ismini qadrlaymiz. (1 Butr. 2:21) Mazkur maqolada «Shohlik haqidagi xushxabar»ni e’lon qilayotganlar qay yo‘sin Yahovaning ismi bilan atalganini bilib olamiz. (Mat. 24:14) Shuningdek, har birimiz uchun Yahovaning ismi qanchalik muhim bo‘lishi kerakligini ko‘rib chiqamiz.
TANGRINING «ISMI BILAN ATALADIGAN XALQ»
4. a) Osmonga ko‘tarilishidan sal oldin Iso shogirdlariga qanday vazifa bergan? b) Bu vazifa tufayli qanday savol tug‘ilyapti?
4 Osmonga ko‘tarilishidan sal oldin Iso shogirdlariga shunday degan: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib, Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8) Shunga xushxabar nafaqat Isroilda, balki hamma yerda va’z qilinishi kerak edi. Natijada, barcha xalqlardan bo‘lgan odamlar Isoning izdoshi bo‘lish imkoniga ega bo‘lishardi. (Mat. 28:19, 20) Biroq Iso: «Mening shohidlarim bo‘lasizlar»,— deb aytgan. Bu yangi shogirdlar Yahovaning ismini bilishlari kerak edimi yoki faqat Isoning shohidlari bo‘lishlari kerakmidi? Havoriylar 15-bobda aytilgan voqealar bu savolga javob topishimizga yordam beradi.
5. Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar barcha odamlar Yahovaning ismini bilishi kerakligini qanday ko‘rsatishgan? (Rasmga ham qarang.)
5 Mil. 49-yili Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar o‘zga xalq vakillari masihiy bo‘lish uchun sunnat qilinishi kerak yoki yo‘qligini muhokama qilish maqsadida yig‘ilishgan. Muhokamaning oxirida Isoning ukasi Yoqub shunday degan: «[Butrus] bizga Alloh boshqa xalqlarni ham qabul qilayotgani haqda aytib berdi. Demak, Tangri O‘z ismi bilan ataladigan xalqni o‘zga xalq vakillaridan ham tanlayotgan ekan». Amos payg‘ambarning so‘zlaridan iqtibos keltirib, u yana shunday degan: «“Qolgan odamlar, barcha xalqlardan chiqqan va Mening ismim bilan atalgan kishilar bilan birga Meni, Yahovani astoydil izlashsin”,— demoqda Yahova». (Havor. 15:14–18) Bu yangi shogirdlar nafaqat Yahova haqida bilim olishlari, balki Uning ismi bilan atalishlari ham kerak edi. Bu shuni anglatganki, ular Xudoning ismini boshqalarga ma’lum qilishi hamda odamlar ularni bu ism bilan tanishi kerak bo‘lgan.
Birinchi asrda yetakchi kengashdagi birodarlar uchrashganida masihiylar Tangrining ismi bilan ataladigan xalq bo‘lishi kerakligini aniq tushunishgan (5-xatboshiga qarang.)
6, 7. a) Iso nega yer yuziga kelgan? b) U yer yuziga kelganining yanada muhimroq sababi nimada bo‘lgan?
6 Iso ismi «Yahova — Najot» degan ma’noni anglatadi va Yahova Iso orqali O‘ziga va O‘g‘liga ishonadigan barchani qutqaradi. Iso insoniyat uchun o‘z hayotini qurbon qilish maqsadida yer yuziga kelgan. (Mat. 20:28) To‘lov berib Iso insoniyatga qutqarilish va abadiy hayotga ega bo‘lish imkonini berdi. (Yuhan. 3:16)
7 Lekin insoniyat to‘lovga nega muhtoj edi? Adan bog‘ida yuz bergan voqea sababli. Oldingi maqolada aytilganiday, ilk ota-onamiz Odamato va Momohavo Yahovaga qarshi isyon ko‘tarishgan va abadiy yashash imkonidan mahrum bo‘lishgan. (Ibt. 3:6, 24) Biroq gunohkor insoniyat qutqarilishidan ham muhimroq masala bor edi. Yahovaning ismi tuhmat ostida qolgandi. (Ibt. 3:4, 5) Shunga Odamato va Momohavo avlodlarining qutqarilishi kattaroq masala — Yahovaning ismi muqaddas qilinishi bilan bog‘liq edi. Iso Yahovaning nomidan kelgani va Uning irodasini mukammal darajada bajargani uchun u Yahovaning ismini muqaddas qilishda muhim o‘rin egallagan.
Iso uchun Xudoning ismi hamma narsadan muhimroq bo‘lgan. Unda qanaqasiga o‘zini Masihning chinakam izdoshi deb da’vo qilayotgan kishi uning Otasining ismini bilmasligi yo uni qo‘llamasligi mumkin?
8. Isoga ishonadigan barcha nimani tan olishi kerak?
8 Isoga ishonadigan barcha — ham yahudiylar, ham o‘zga xalq vakillari najot Manbai sifatida Isoning Otasi Tangri Yahovani tan olishlari kerak edi. (Yuhan. 17:3) Bundan tashqari, ular Iso kabi Yahovaning ismi bilan atalishardi. Ular, shuningdek, bu ismning muqaddas qilinishi muhimligini tushunishlari lozim edi. Ularning najotga erishishi shunga bog‘liq edi. (Havor. 2:21, 22) Demak, Isoning barcha sadoqatli izdoshlari Yahova va Iso to‘g‘risida bilim olishlari darkor edi. Shunga Iso Yuhanno 17-bobda yozilgan ibodatini quyidagi so‘zlar bilan yakunlagani ajablanarli emas: «Men ismingni ularga ma’lum qildim va yana ma’lum qilaman, toki meni qanday sevgan bo‘lsang, ular ham shunday sevgini namoyon etishsin va men ular bilan birlikda bo‘layin». (Yuhan. 17:26)
«SIZLAR SHOHIDLARIMSIZ»
9. Yahovaning ismi biz uchun muhim ekanini qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?
9 Yuqorida muhokama qilganlarimizdan ko‘rinyaptiki, Isoga ergashish uchun Yahovaning ismini muqaddas qilishimiz zarur. (Mat. 6:9, 10) Biz uchun Xudoning ismi hamma narsadan muhimroq bo‘lishi lozim. Buni amalda ko‘rsatishimiz kerak. Biroq Yahovaning ismini muqaddas qilishga yoki uni Shaytonning tuhmatlaridan oqlashga qay yo‘sin hissa qo‘sha olamiz?
10. Ishayo kitobining 42–44-boblarida majoziy ma’nodagi qanday sud tasvirlangan? (Ishayo 43:9; 44:7–9) (Rasmga ham qarang.)
10 Yahovaning ismini muqaddas qilishda tutgan muhim o‘rnimiz Ishayo kitobining 42–44-boblarida yozilgan. Ushbu boblarda kim haq xudo ekaniga oid ish majoziy ma’nodagi sudda ko‘rib chiqilayotgani tasvirlangan. Yahova o‘zini xudo deb da’vo qilgan barchadan ular haq xudo ekanini isbotlashni talab qilyapti. U, shuningdek, guvohlarni chaqirib, bu xudolarning da’vosini isbotlashni so‘rayapti. Biroq bunday guvohlar yo‘q! (Ishayo 43:9; 44:7–9 ni o‘qing.)
Majoziy ma’nodagi sudda turli yo‘llar orqali shohidlik beryapmiz (10-, 11-xatboshilariga qarang.)
11. Ishayo 43:10–12 ga ko‘ra, Yahova xalqiga nima deyapti?
11 Ishayo 43:10–12 ni o‘qing. Yahova xalqi to‘g‘risida shunday deyapti: «Sizlar shohidlarimsiz,... Men esa Xudoman». Yahova ulardan mana bu savolga javob berishni so‘rayapti: «Mendan boshqa Xudo bormi?» (Ishayo 44:8) Shunga bizda bu savolga javob berish sharafi bor. So‘zlarimiz va ishlarimiz orqali Yahova tanho haq Xudo ekani to‘g‘risida shohidlik beramiz. Uning ismi boshqa barcha ismlardan yuksakdir. Shayton bizni ne ko‘yga solsa ham, hayot tarzimiz bilan Yahovani chinakamiga sevishimizni va unga sodiq ekanimizni isbotlay olamiz. Bu Uning ismini muqaddas qilishga hissamizni qo‘shish imkonini beradi.
12. Ishayo 40:3, 5 dagi bashorat qanday amalga oshgan?
12 Yahovaning ismini muqaddas qilsak, Iso Masihga taqlid qilgan bo‘lamiz. Ishayo kimdir «Yahovaga yo‘l... [hozirlashini]» ham bashorat qilgan. (Ishayo 40:3) Bu bashorat qay yo‘sin amalga oshgan? Suvga cho‘mdiruvchi Yahyo Yahovaning nomidan kelgan va Yahovaning nomidan gapirgan Isoga yo‘l hozirlagan. (Mat. 3:3; Mark 1:2–4; Luqo 3:3–6) O‘sha bashoratda yana shunday deyilgan: «Yahovaning ulug‘vorligi namoyon bo‘ladi». (Ishayo 40:5) Bu qanday yuz bergan? Iso yer yuziga kelganida, Otasining shaxsiyatini shunchalik mukammal aks ettirganki, xuddi Yahovaning O‘zi yer yuziga kelganday bo‘lgan. (Yuhan. 12:45)
13. Isoga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?
13 Iso kabi biz ham Yahovaning shohidlarimiz. Yahovaning ismi bilan atalamiz va biz uchratgan barchaga Uning ajoyib ishlari to‘g‘risida aytamiz. Yahova haqida yaxshi shohidlik berish uchun Iso Xudoning ismini muqaddas qilish maqsadida bajargan hamma ishlar to‘g‘risida ham odamlarga aytishimiz kerak. (Havor. 1:8) Iso Yahovaning eng zo‘r Shohidi va biz uning o‘rnagiga taqlid qilamiz. (Vah. 1:5) Yahovaning ismi biz uchun muhim ekanini yana qanday ko‘rsata olamiz?
YAHOVANING ISMI BIZ UCHUN MUHIM EKANINI KO‘RSATISHNING BOSHQA YO‘LLARI
14. Zabur 105:3 ga binoan, Yahovaning ismi to‘g‘risida qanday fikrdamiz?
14 Yahovaning ismi bilan faxrlanamiz. (Zabur 105:3 ni o‘qing.) Yahova Uning ismi bilan maqtanganimizda juda quvonadi. (Yerm. 9:23, 24; 1 Kor. 1:31; 2 Kor. 10:17) Yahova bilan maqtanish U Xudoyimiz ekanidan faxrlanishni anglatadi. Yahova muqaddas va Uning barcha ishlari to‘g‘ri ekani haqida boshqalarga aytish biz uchun katta sharaf. Hamkasblarimizga, sinfdoshlarimizga, qo‘shnilarimizga va boshqalarga Yahovaning Shohidlari ekanimiz to‘g‘risida aytishdan aslo uyalmasligimiz lozim! Iblis Yahovaning ismi haqida aytishdan to‘xtashimizni istaydi. (Yerm. 11:21; Vah. 12:17) Darhaqiqat, Shayton va uning soxta payg‘ambarlari odamlar Yahovaning ismini unutishini xohlashadi. (Yerm. 23:26, 27) Biroq Yahovaning ismiga bo‘lgan sevgimiz bizni har fursatdan foydalanib, Uni sharaflashga undaydi. (Zab. 5:11; 89:16)
15. Yahovaning ismini aytib chaqirish nimani anglatadi?
15 Yahovaning ismini aytib chaqirishda davom etamiz. (Yo‘el 2:32; Rim. 10:13, 14) Yahovaning ismini aytib chaqirish Xudoning shaxsiy ismini bilishdan va uni qo‘llashdan ko‘prog‘ini o‘z ichiga oladi. Biz Xudoni Shaxs sifatida tanib-bilamiz, Unga ishonamiz va Undan yordam hamda yo‘l-yo‘riq izlaymiz. (Zab. 20:7; 99:6; 116:4; 145:18) Biz, shuningdek, Uning ismi va fazilatlarini boshqalarga e’lon qilamiz, ular Yahovaning roziligini olishi uchun ularni tavba qilishga va hayotiga o‘zgarishlar kiritishga undaymiz. (Ishayo 12:4; Havor. 2:21, 38)
16. Shayton yolg‘onchi ekanini qanday isbotlay olamiz?
16 Yahovaning nomi uchun qiyinchiliklarni boshdan kechirishga tayyormiz. (Yoqb. 5:10, 11) Qiyinchiliklar paytida Yahovaga sadoqatli qolsak, Shayton yolg‘onchi ekanini isbotlaymiz. Ayub yashagan davrda Shayton Yahovaga xizmat qiladiganlarga quyidagicha ayblov qo‘ygan: «Inson o‘z jonini saqlash uchun bor narsasini beradi». (Ayub 2:4) Shayton odamlar o‘ziga yaxshi bo‘lgandagina Yahovaga xizmat qiladi va agar ular qiyinchiliklarga duch kelsa, Undan yuz o‘giradi, deb da’vo qilgan. Sadoqatli Ayub payg‘ambar bu ayblov yolg‘on ekanini isbotlagan. Bizda ham Shayton nimaiki qilmasin, Yahovadan aslo yuz o‘girmasligimizni isbotlash sharafi bor. Shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, Yahova ismi haqqi bizni himoyalashda davom etadi. (Yuhan. 17:11)
17. 1 Butrus 2:12 ga ko‘ra, Yahovaning ismini yana qanday ulug‘lay olamiz?
17 Yahova ismiga hurmat ko‘rsatamiz. (Hik. 30:9; Yerm. 7:8–11) Odamlar bizni Yahovaning Shohidlari deb bilgani sababli ishlarimiz bilan Uning ismiga sharaf yoki isnod keltirishimiz mumkin. (1 Butrus 2:12 ni o‘qing.) Shunga qo‘limizdan kelgancha so‘zlarimiz va xatti-harakatlarimiz orqali Yahovani sharaflashni istaymiz. Shunday yo‘l tutsak, nomukammal bo‘lsak-da, Yahovaning ismini ulug‘lay olamiz.
18. Yahovaning ismi biz uchun muhim ekanini isbotlashning yana bir yo‘li qanday? (Izohga ham qarang.)
18 O‘z obro‘yimizdan ko‘ra Yahovaning ismi uchun ko‘proq qayg‘uramiz. (Zab. 138:2) Nega bu shunchalik muhim? Yahovaning ismiga bo‘lgan sevgimiz tufayli atrofimizdagi odamlar orasida obro‘yimizga putur yetishi mumkina. Iso Yahovaning ismini ulug‘lash uchun jinoyatchi sifatida sharmandali o‘lim topishga tayyor bo‘lgan. «Sharmanda bo‘lishiga qaramay», Iso boshqalar u haqda nima deb o‘ylashidan qattiq tashvishlanmagan. (Ibron. 12:2–4) U diqqatini Yahovaning irodasini bajarishga qaratgan. (Mat. 26:39)
19. Yahovaning ismi haqida qanday fikrdasiz va nega?
19 Yahovaning ismi bilan faxrlanamiz va Yahovaning Shohidlari deb atalishni sharaf deb bilamiz. Shu sababdan har qanday haqoratga chidashga tayyormiz. Yahovaning ismi biz uchun o‘z obro‘yimizdan ham muhimroq. Shunday ekan, Shayton bizni ne ko‘yga solsa ham, Yahovaning ismini sharaflashda davom etish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Shu yo‘sin Iso Masih uchun bo‘lganidek, biz uchun ham Xudoning ismi juda muhim ekanini isbotlaymiz.
10-QO‘SHIQ Allohimiz Yahovani ulug‘lang!
a Hatto sadoqatli Ayub ham uchta do‘sti uning obro‘yiga putur yetkazganda, odamlar u haqda nima deb o‘ylashidan qattiq xavotirlana boshladi. Avvaliga, farzandlari va mol-mulkini yo‘qotganida «Ayub gunoh qilmadi va Xudoni ayblamadi». (Ayub 1:22; 2:10) Biroq Ayub noto‘g‘ri ish qilishda ayblanganida og‘zidan «ahmoqona so‘zlar» chiqdi. U o‘z obro‘yini himoya qilishni Xudoning ismini muqaddas qilishdan ustun qo‘ydi. (Ayub 6:3; 13:4, 5; 32:2; 34:5)