Qoʻriqchi minorasining ONLAYN KUTUBXONASI
Qoʻriqchi minorasining
ONLAYN KUTUBXONASI
o‘zbekcha (lotincha)
  • MUQADDAS KITOB
  • ADABIYOTLAR
  • UCHRASHUVLAR
  • mwbr25 iyul 1–11-sah.
  • «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» uchun manbalar

Tanlangan maʼlumot uchun video mavjud emas.

Kechirasiz, videoni ijro etishda xatolik yuz berdi.

  • «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» uchun manbalar
  • «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» uchun manbalar — 2025
  • Sarlavhalar
  • 7–13-IYUL
  • 14–20-IYUL
  • 21–27-IYUL
  • 28-IYUL–3-AVGUST
  • 4–10-AVGUST
  • 11–17-AVGUST
  • 18–24-AVGUST
  • 25–31-AVGUST
«Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» uchun manbalar — 2025
mwbr25 iyul 1–11-sah.

«Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» uchun manbalar

7–13-IYUL

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 21

Baxtli nikoh uchun dono maslahatlar

w24.05 30-sah., 13-xb.

13 Uchrashish qancha vaqt davom etishi kerak? Shoshib chiqarilgan qarorlar ko‘pincha yomon oqibatlarga olib keladi. (Hik. 21:5) Shunday ekan, o‘sha inson bilan yaqindan tanishish uchun yetarlicha vaqt davomida uchrashish kerak. Biroq keragidan ortiq uchrashish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Uzoq ushalmagan umid yurakni ezadi». (Hik. 13:12) Bundan tashqari, birga qancha ko‘p vaqt o‘tkazsangiz, jinsiy axloqsizlik vasvasasiga berilish shuncha oson bo‘ladi. (1 Kor. 7:9) Qancha vaqtdan beri uchrashayotganingizga diqqat qaratishning o‘rniga o‘zingizdan shunday so‘rang: «Qaror chiqarish uchun o‘sha inson haqida yana nimanidir bilishim kerakmi?»

w20.07 3-sah., 3–5-xb.

3 Yahova nikohni er-xotin birga baxtli bo‘lishi uchun yaratgan. Hamma nomukammal bo‘lgani uchun kelishmovchiliklar bo‘lib turishi ehtimoldan yiroq emas. Darhaqiqat, Pavlus turmush qurganlar muayyan qiyinchiliklarga uchrashi mumkinligi haqida yozgan edi. (1 Kor. 7:28) Ayrimlar turmush o‘rtog‘i bilan doim janjallashgani tufayli «Turmush qurmasak bo‘larkan» deb o‘ylaydi. Bordi-yu, ular bu dunyoning ta’siriga berilsa, ajralishni yagona yechim deb o‘ylay boshlashlari mumkin. Ular eng muhimi o‘ziga yaxshi bo‘lishini istashadi.

4 «Nikohimiz barbod bo‘ldi» degan fikrdan qochishimiz kerak. Muqaddas Kitobga ko‘ra, faqat jinsiy axloqsizlik ajralish uchun asos bo‘lishi mumkinligini bilamiz. (Mat. 5:32) Shunday ekan, Pavlus yozganiday qiyinchiliklarga duch kelsak, mag‘rurlikka berilib, quyidagicha o‘ylamasligimiz kerak: «Turmush o‘rtog‘im menga g‘amxo‘rlik qilmayapti. Menga o‘zim loyiq bo‘lgan sevgi ko‘rsatilmayapti. Balki boshqa odam bilan turmush qurganimda baxtliroq bo‘lardim». Bunday fikrlarga borsak, turmush o‘rtog‘imiz emas, faqat o‘z haqimizda o‘ylayotgan bo‘lamiz. Bu dunyoning donoligi qalbingizga quloq solishga va bu nikohingizga chek qo‘yishni anglatsa ham, faqat o‘z baxtingizni o‘ylashga undaydi. Alloh esa: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar»,— deb aytgan. (Filip. 2:4) Yahova nikohingizga chek qo‘yishingizni emas, uni saqlab qolishingizni istaydi. (Mat. 19:6) Xudo eng avvalo o‘z haqingizda emas, U haqda o‘ylashingizni xohlaydi.

5 Er-xotin bir-biriga sevgi va hurmatni namoyon etishi lozim. (Efesliklarga 5:33 ni o‘qing.) Muqaddas Kitob diqqatimizni olishdan ko‘ra berishga qaratishimiz kerakligiga o‘rgatyapti. (Havor. 20:35) Turmush o‘rtoqlar sevgi va hurmatni namoyon etishiga qaysi fazilat yordam beradi? Bu kamtarlikdir. Kamtar er-u xotinlar faqat «o‘zining emas, o‘zganing manfaatini» ko‘zlashadi. (1 Kor. 10:24)

w06 1/10 18-sah., 13-xb.

13 Turmush o‘rtoqlarning yomon munosabati dastidan nikoh xavf ostida qolgan bo‘lsa-chi? Vaziyatning yechimini topish harakat talab etadi. Ehtimol, er-u xotin qo‘pol so‘zlarni aytishga odatlanib qolishgandir. (Hikmatlar 12:18) O‘tgan maqolada ko‘rib chiqilganiday, bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Muqaddas Kitobda: «Urishqoq va badjahl xotin bilan yashagandan ko‘ra cho‘l-u biyobonda yashash yaxshiroq»,— deb aytilgan. (Hikmatlar 21:19) Shu sababli xotin o‘zidan: «Erimning men bilan chiqishishi osonmi?» — deb so‘rashi kerak. Muqaddas Kitob erlarga: «Xotinlaringizni sevinglar, ularga qo‘pol muomalada bo‘lmanglar»,— deb maslahat beradi. (Kolosaliklarga 3:19) Erlar ham o‘zlaridan: «Mening sovuq munosabatim xotinimni chetdan tasalli qidirishga undamayaptimi?» — deb so‘rashlari darkor. Binobarin, jinsiy axloqsizlikni oqlashga asos yo‘q. Ammo bunday fojia yuz berishi ehtimoldan yiroq emas, shuning uchun hammasini ochiq-oydin muhokama qilishga barcha sabablar bor.

Ma’naviy marvaridlar

w23.08 22-sah., 9-xb.

9 Sabr-toqat yaxshiroq qarorlar chiqarishimizda ham asqatadi. Shoshqaloq bo‘lishning yoki o‘ylamay yo‘l tutishning o‘rniga izlanish uchun vaqt ajratib, barchasini taroziga solib ko‘ramiz. (Hikmatlar 21:5 ni o‘qing.) Masalan, ish qidirayotgan bo‘lsak, bu hatto Yahovaga topinishimizga xalaqit bersa ham, paydo bo‘lgan birinchi ishga rozi bo‘lishga moyil bo‘larmiz. Biroq sabr-toqatli bo‘lsak, u qayerda joylashgani, unga qancha vaqt ketishi va oilamizga hamda Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ramiz. Sabr-toqatli bo‘lsak, noto‘g‘ri qarorlar chiqarishdan o‘zimizni asray olamiz.

14–20-IYUL

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 22

Farzand tarbiyasiga oid dono maslahatlar

w20.10 27-sah., 7-xb.

7 Oila qurgan va farzandli bo‘lishni xohlayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Yahovani hamda Uning Kalomini sevadigan kamtarin insonmizmi? Yangi tug‘iladigan qadrli chaqaloqqa g‘amxo‘rlik qilish uchun Yahova bizni tanlaydimi?» (Zab. 127:3, 4) Farzandingiz bor bo‘lsa, o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Mehnatsevar bo‘lish muhimligini bolamga o‘rgatyapmanmi?» (Voiz 3:12, 13) «Shaytonning dunyosida duch kelishi mumkin bo‘lgan jismoniy va axloqiy zarardan bolamni himoya qilish uchun jon kuydiryapmanmi?» (Hik. 22:3) Farzandingizni u duch kelishi mumkin bo‘lgan barcha qiyinchiliklardan himoya qila olmaysiz. Buni qilish imkonsizdir. Biroq Xudoning Kalomidan maslahat izlashga o‘rgatish orqali uni asta-sekin va sevgi ila hayotning o‘nqir-cho‘nqirlariga tayyorlay olasiz. (Hikmatlar 2:1–6 ni o‘qing.) Masalan, yaqiningiz haqiqatni tark etsa, Muqaddas Kitob yordamida farzandingizga Yahovaga sadoqatli qolish nega muhim ekanini tushunishga ko‘maklashing. (Zab. 31:23) Yoki yaqiningiz vafot etsa, farzandingizga qayg‘uni yengishga va tinchlikka erishishga yordam beradigan oyatlarni ko‘rsating. (2 Kor. 1:3, 4; 2 Tim. 3:16)

w19.12 26-sah., 17–19-xb.

17 Farzandingizga iloji boricha ertaroq ta’lim-tarbiya berishni boshlang. Ota-ona farzandiga ta’lim-tarbiya berishni qancha erta boshlasa, shuncha yaxshi. (Hik. 22:6) Timo‘tiyning misoli to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. U ulg‘aygach, havoriy Pavlus bilan hamkorlik qilgan. Timo‘tiyning onasi Evnika va buvisi Loida unga «chaqaloqligidanoq» ta’lim bergan. (2 Tim. 1:5; 3:15, izoh)

18 Kot-d’Ivuardagi boshqa bir juftlik — Jen-Klaud va Pis oltita farzandiga ham Yahovani sevishni va Unga xizmat qilishni o‘rgatishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda ularga nima yordam berdi? Ular Evnika va Loidaning misoliga ergashdi. Ular: «Farzandlarimiz tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay, ya’ni chaqaloqligidanoq qalblariga Xudoning Kalomini jo qildik»,— deb bo‘lishdi. (Qonun. 6:6, 7)

19 Yahovaning Kalomini farzandlarning «qalblariga jo qilish» nima degani? Bu «tez-tez qaytarish orqali biron nimani o‘rgatish yoki eslatish» degani. Buning uchun ota-ona farzandi bilan muntazam ravishda vaqt o‘tkazishi kerak. Ba’zida bolaga yo‘l-yo‘riqlarni qayta-qayta aytishga to‘g‘ri kelganidan ota-onaning ko‘ngli cho‘kishi mumkin. Ammo ota-ona buni farzandiga Xudoning Kalomini tushunishga va uni amalda qo‘llashga yordam beradigan usul deb bilishga intilishi kerak.

w15 15/11 5-sah., 6-xb.

6 Jigarbandingizni tarbiyalash orqali unga bo‘lgan sevgingizni ko‘rsating. Ayrim hollarda nega qaysidir yo‘l to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini tushuntirishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Boshqa payt esa bola aytganingizni qilmasligi hech gap emas. (Hik. 22:15) Bunday damlarda Isoga taqlid qiling. O‘rinli vaqt va joyda bolani sevgi-yu yumshoqlik ila tarbiyalang. Shunda uni sabr-toqat bilan yo‘naltirasiz, ta’lim berasiz hamda tuzata olasiz. Janubiy afrikalik Elayn shunday dedi: «Ota-onam meni izchil ravishda tarbiyalab kelishgan. Ular yomon xulqim nimaga olib kelishidan ogohlantirishganda, albatta bunga muvofiq yo‘l tutishardi. Ammo ular menga hech qachon g‘azab ila yoki nega unday yo bunday yo‘l tutishayotganini tushuntirmay ta’lim-tarbiya berishmagan. Natijada o‘zimni xavfsiz his qilardim. Men o‘z haddimni bilardim va mendan nima talab etilishini tushunardim».

Ma’naviy marvaridlar

w21.08 22-sah., 11-xb.

11 Shu singari, bizga topshirilayotgan har qanday vazifani yengimizni shimarib bajarsak, quvonchimizga quvonch qo‘sha olamiz. Va’zgo‘ylik ishiga «astoydil kirishing» va jamoatdagi vazifalaringizni to‘laqonli bajaring. (Havor. 18:5; Ibron. 10:24, 25) Yig‘ilishlarga borar ekansiz, tadqiq qilinayotgan mavzu borasida dalda baxsh etuvchi sharhlar tayyorlang. Hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlarda beriladigan topshiriqlarni bajarishga jiddiy yondashing. Jamoatda biron vazifani bajarishda sizdan yordam so‘rashsa, puxta va o‘z vaqtida bajaring hamda ishonchli bo‘ling. Sizga berilgan vazifani muhim emas va unga vaqt sarflash arzimaydi, deb o‘ylamang. Qobiliyatlaringizni yaxshilashga intiling. (Hik. 22:29) Ma’naviy ishlar hamda topshiriqlarni bajarish uchun qancha ko‘p jon kuydirsangiz, shuncha ko‘p ma’nan o‘sasiz va quvonchingizga quvonch qo‘shiladi. (Galat. 6:4) Qolaversa, siz xohlagan sharafli vazifaga boshqalar ega bo‘lganda, ular bilan xursand bo‘la olasiz. (Rim. 12:15; Galat. 5:26)

21–27-IYUL

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 23

Spirtli ichimliklarni ichishga oid dono maslahatlar

lff 43-dars, 2-paragraf

Yahova haddan ortiq ko‘p ichishni va ichkilikbozlikni qoralaydi. (Galatiyaliklarga 5:21) Uning Kalomida: «Sharobga ruju qo‘yganlarga... qo‘shilma»,— deyilgan. (Hikmatlar 23:20) Shunday ekan, kimdir bilan ichamizmi yoki yolg‘iz o‘zimizmi, teran fikrlay olmaydigan, gaplarimiz-u xatti-harakatlarimizni nazorat qila olmaydigan yoki sog‘ligimizga zarar yetkazadigan darajada ichmasligimiz kerak. O‘zimizni tiya olmasak, ichishdan voz kechishga tayyor bo‘lishimiz lozim.

w10 1/1 4-sah., 5-xb.–6-sah., 3-xb.

Spirtli ichimlikning qandaydir foydasi bo‘lsa-da, uning tarkibida inson tanasi va ongiga kuchli ta’sir qiluvchi moddalar borligini ham esda saqlash lozim. Ichkilikka ruju qo‘yish quyida keltirilgan muammolarga olib kelishi mumkin.

Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish insonning sog‘lom fikrlash qobiliyatini to‘xtatib, «egri fikrlar» paydo bo‘lishiga olib keladi. (Hikmatlar 23:33) Yuqorida ismi aytib o‘tilgan Allen bu haqda shunday fikr bildirdi: «Alkogolizm shunchaki kasallik emas, bu insonning ongi va kayfiyatidagi muammosidir. Bunday paytda atrofdagi odamlar sizni deb jabr ko‘rishsa-da, buni tan olmasligingiz mumkin».

Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish o‘zini tuta bilish qobiliyatini susaytiradi. Tavrotda sharob odamni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishi to‘g‘risida ogohlantirish bor. (Hikmatlar 20:1) Qanday qilib? Odatda mast bo‘lgan kishi nazorat qilish mumkin bo‘lgan fikr va istaklarini jilovlay olmaydi. Hattoki noma’qul bo‘lgan ishlar unga jozibali ko‘rinishi hech gap emas. Shuningdek, poklikni saqlash istagimiz ham pasayishi mumkin. Xullas, ichkilikbozlik odamning axloqiy mas’uliyatini susaytirib, ma’nan yiqilishiga olib keladi.

Jonning misoli buning yaqqol dalilidir. U xotini bilan janjallashadi va uydan chiqib, to‘g‘ri mayxonaga yo‘l oladi. O‘zini tinchitish uchun esa yuzta-yuzta qiladi. Shu payt uning oldiga bir ayol kelib qoladi. Jon ichkilikdan yana bir ko‘taradi-da, borib bu ayol bilan zino qiladi. Keyinchalik Jon bu ishidan afsuslanib: «Agar ichkilikni oshirvormaganimda bunday qabihlikka qo‘l urmagan bo‘lardim»,— deb aytdi.

Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish nutq va axloqning buzilishiga olib keladi. Muqaddas Kitobda shunday savol berilgan: «Kim janjal qiladi, shikoyat qilgan kim? Kim sababsiz yaralanadi?» Buning javobini ham Muqaddas Kitobdan o‘qish mumkin: «Sharob ichishga berilganlar, xush-hidli mayni totib ko‘rishga ko‘p borganlar». (Hikmatlar 23:29, 30) Odam ichkilikni oshirib yuborsa, boshi aylanib, ko‘ngli aynishi mumkin. (Hikmatlar 23:34) Ertalab uyg‘onganida esa rosa kaltaklanganday his qilishi va buni o‘zi ham eslay olmasligi mumkin. (Hikmatlar 23:35)

Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish sog‘liqqa zararlidir. «U ilon kabi chaqadi, qora ilonday zahar sochadi». (Hikmatlar 23:32) Bu qadimiy hikmatni tibbiyot ham tasdiqlab kelmoqda. Ko‘p miqdordagi spirtli ichimlik tarkibida hayot uchun xavfli hisoblangan toksin bor bo‘lib, ko‘plab kasalliklarga, jumladan, saraton, gepatit, jigar sirrozi, pankreatit, diabetga chalinganlarda qand moddasining pasayishi, homilaga ta’sir ko‘rsatishi, falaj va yurak tanqisligiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunisi hali holva, spirtli ichimlikni faqatgina bir marta suiiste’mol qilishning o‘zi odamni komaga tushirib qo‘yishi, hatto o‘limga ham olib kelishi ehtimoldan yiroq emas. Biroq tibbiyot ma’lumotnomalarida ichkilikka berilishning eng ayanchli oqibatlari haqida xabar berilmaydi.

Eng ayanchli oqibatlar. Mastlikkacha yetib borilmasa ham, ichkilikka berilish ma’naviy zarar keltirishi mumkin. Muqaddas Kitobda yozilishicha, tong sahardan ichkilikni izlaydigan va kechgacha mayxo‘rlik qiladigan odamning holiga voy. Nima uchun? Chunki bundaylar Xudoning irodasi va qonun-qoidalari haqida o‘ylamay qo‘yadi. (Ishayo 5:11, 12)

Muqaddas Yozuvlarda: «Mayxo‘rlar... orasida bo‘lma»,— degan ogohlantirish bor. (Hikmatlar 23:20) Yoshi ulug‘ ayollarga esa «mayxo‘rlikka ruju qo‘ymaslik» maslahat berilgan. (Titusga 2:3) Ko‘pincha inson o‘zi bilmagan holda asta-sekin, ham ko‘p, ham tez-tez ichadigan bo‘lib qoladi. Bundaylar oxir-oqibat: «Qachon uyg‘onaman?! Yana bir ichay»,— deydigan bo‘lib qolishadi. (Hikmatlar 23:35) Agar odam ertalabdan boshi og‘rib, yana ichkilikka talpinadigan bo‘lsa, u o‘ta xavfli yo‘lda turibdi, desa ham bo‘laveradi.

Mabodo kimda-kim «sarxushlik, aysh-ishratlar, kayf-safolar» bilan kun kechirsa, Xudoga hisobot berishi haqida Muqaddas Kitobda aniq qilib aytilgan. (1 Butrus 4:3, 5) Qaysi kunlarda yashashimizni Iso oldindan bilib, shunday ogohlantirishlarni bergan: «O‘zingizni ehtiyot qiling! Aysh qilib, kayf surib, hayotning tashvishlari ostida bo‘g‘ilib, yuraklaringizni yog‘ bosmasin, tag‘in u kun [mahshar kun] nogahon boshga tushib sizni to‘rga ilintirmasin!» (Luqo 21:34)

Ma’naviy marvaridlar

w23.02 21-sah., 6-, 7-xb.

6 Muqaddas Kitobda sog‘lik yoki parhez masalasida ko‘rsatmalar yozilmagan bo‘lsa ham, Yahovaning bu boradagi nuqtai nazarini bilib olsak bo‘ladi. Masalan, u yerda tanamizga «ziyon yetkazadigan narsalardan uzoqroq yurishimiz» kerakligi yozilgan. (Voiz 11:10) Bo‘kib ovqatlanish yoki spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish ham noto‘g‘ri ekanini ko‘ryapmiz. (Hik. 23:20) Qancha yeyish va ichish borasida qaror chiqarayotib, Yahova o‘zimizni tuta bilishimizni kutadi. (1 Kor. 6:12; 9:25)

7 Fikrlash qobiliyatimizni ishga solish orqali Yahovaning hadyasi bo‘lmish hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz. (Zab. 119:99, 100; Hikmatlar 2:11 ni o‘qing.) Misol uchun, nima yeyish haqida o‘ylayotib, aqli raso bo‘lamiz. Agar muayyan bir ovqat bizga yoqsa, lekin u sog‘ligimizga salbiy ta’sir qilishini bilsak, ongimizni ishga solib, uni yemaymiz. Shuningdek, yetarlicha uxlash, muntazam jismoniy mashqlar qilish, gigiyena qoidalariga rioya qilish va uyimizni ozoda saqlash orqali aql-idrokli ekanimizni ko‘rsatamiz.

28-IYUL–3-AVGUST

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 24

Qiyinchiliklarga bardosh qilish uchun o‘zingizni ma’nan mustahkamlang

w23.07 18-sah., 15-xb.

15 Xudoning Kalomini tadqiq qiling va ustida mulohaza yuriting. Ildizi chuqur otgan daraxt mustahkam bo‘la oladi. Shu kabi, imonimiz kuchli bo‘lganda qat’iy tura olamiz. Daraxt o‘sgani sayin, uning ildizlari chuqurlashib, keng yoyila boshlaydi. Biz ham tadqiq qilib, mulohaza yuritganimizda imonimizni mustahkamlaymiz va Xudoning yo‘llari eng a’lo ekaniga bo‘lgan ishonchimizni oshiramiz. (Kolos. 2:6, 7) Yahovaning yo‘l-yo‘riqlari, maslahatlari va himoyasi Uning o‘tmishdagi xizmatchilariga qanday yordam bergani borasida fikr yuriting. Masalan, Hizqiyo vahiyda ko‘rgan ma’badni farishta yaxshilab o‘lchab chiqqan edi. Bu vahiy Hizqiyoni mustahkamlagan va biz undan pok topinishda Yahovaning me’yorlariga qanday rioya qilishimiz borasida amaliy saboqlar olamiz. (Hiz. 40:1–4; 43:10–12) Ha, Xudoning Kalomidagi chuqur haqiqatlar borasida tadqiq o‘tkazishga va mulohaza yuritishga vaqt ajratganimizda foyda olamiz.

w09 15/12 18-sah., 12-, 13-xb.

12 Hikmatlar 24:10 da quyidagicha yozilgan: «Tashvishli kunda ojiz bo‘lganning kuchi kamdir». Hikmatlar kitobining boshqa oyatida esa: «Yurak... g‘amgin bo‘lsa — ruh tushkundir»,— deyilgan. (Hik. 15:13) Ba’zi masihiylar shunchalik tushkunlikka tushib qolishadiki, hatto Muqaddas Kitobni o‘qish va uning ustida fikr yuritishni to‘xtatib qo‘yishadi. Qolaversa, ularning ibodati ham bora-bora yuzaki bo‘lib, imondoshlaridan ajralib yurishi mumkin. Albatta, uzoq vaqt davomida siqilib yurish yomon oqibatlarga olib keladi. (Hik. 18:1, 14)

13 Hayotimizdagi ijobiy narsalar haqida mulohaza yuritsak, quvonchimizni saqlab qolamiz. Zotan, hazrati Dovud shunday yozgan: «Xohishingni bajarmoq istayman, ey Xudoyim». (Zab. 39:9) Darhaqiqat, tushkunlikka tushmaslikning eng yaxshi yo‘li — xursandchilik keltiradigan ilohiy xizmatda g‘ayrat bilan ishtirok etishdir. Shuningdek, Yahova Taolo barchamizni Muqaddas Kitobni doimo o‘qib, uning ustida fikr yuritishga undamoqda. Zero, bularning barchasi baxt va sevinch keltirishi shubhasizdir. (Zab. 1:1, 2; Yoqb. 1:25) Xudoning Kalomi hamda jamoat uchrashuvlari orqali «yoqimli so‘zlarni» eshitib, dalda olamiz va qalbimiz quvonchga to‘ladi. (Hik. 12:25; 16:24)

w20.12 15-sah., 1-, 7-xb.

Hikmatlar 24:16 da: «Odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi»,— deyilgan. Xo‘sh, mazkur so‘zlar odam qayta-qayta gunoh qilsa-da, Xudo uni kechirishini anglatadimi?

Endi bu so‘zlar qayta-qayta gunoh qiladiganlarga tegishli emas. Aksincha, ular birin-ketin muammolaru qiyinchiliklarga duch kelgan, ammo oyoqqa turib, sabr-bardoshni namoyon etgan odamga ishora qiladi.

Shunday qilib, Hikmatlar 24:16 da odam gunohga botishi emas, balki muammolarga yoki qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘lishi va bu hatto qayta-qayta yuz berishi mumkinligi haqida gap ketgan. Ushbu yovuz dunyoda odil kishi sog‘lik bilan bog‘liq yoki boshqa muammolarga duch kelishi hech gap emas. U hatto davlat xodimlari tomonidan ta’qib qilinishi mumkin. Ammo u Xudo uni qo‘llab-quvvatlashiga, qiyinchilikka qarshi kurashishiga va g‘alaba qozonishiga yordam berishiga ishona oladi. Vaziyat Xudo xizmatchilariga foyda keltiradigan tarzda hal bo‘lganiga qanchalik tez-tez guvoh bo‘lganingiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Nega? Sababi quyidagi so‘zlar bizga ishonch baxsh etadi: «Yiqilayotganlarga Yahova tirgak bo‘ladi, qaddi bukilganlarni esa rostlaydi». (Zab. 41:1–3; 145:14–19)

Ma’naviy marvaridlar

w09 15/10 12

Muqaddas Kitobda mana bunday dono maslahat berilgan: «Tashqaridagi yumushingni bajar, daladagi barcha ishlaringni tartibga sol, keyin uyingni qurgin». Xo‘sh, biz bundan nimani o‘rgansak bo‘ladi? Gap shundaki, ushbu maslahat uylanmoqchi bo‘lgan kishiga taalluqlidir.

Qadimda «uy qurmoqchi» yoki boshqacha qilib aytganda, uylanmoqchi bo‘lgan kishi o‘ziga bunday savol berishi kerak edi: «Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im va bola-chaqalarimga g‘amxo‘rlik qilishga tayyormanmi?» Ha, turmush qurishdan oldin, oyatda aytilganidek, «daladagi barcha ishlarni tartibga solish», ya’ni hammasini o‘ylab chiqish muhim. Qiziq, ushbu maslahat bugun ham amaliymi?

Albatta! Uylanmoqchi bo‘lgan odam bunday javobgarlikni zimmasiga olishga tayyor bo‘lishi lozim. Ishlash uchun u jismonan layoqatli bo‘lishi kerak. Lekin oilasini faqatgina moddiy jihatdan ta’minlash bilan kifoyalanmasligi darkor. Zero, Xudoning Kalomiga binoan, oila a’zolarining jismoniy, hissiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirmagan kishi imondan qaytgan va hatto imonsizdan ham battarroq hisoblanadi! (1 Tim. 5:8) Darvoqe, bo‘ydoq yigit o‘ziga quyidagi savollarni berib ko‘rsa oqilona bo‘ladi: «Oila a’zolarimga moddiy tomondan g‘amxo‘rlik qilishga qurbim yetadimi? Birgalikda Xudoga topinish uchun ularga boshchilik qilishga tayyormanmi? Xotinim va farzandlarim bilan muntazam ravishda Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkaza olamanmi?» Haqiqatan ham, Allohning Kalomida shu kabi mas’uliyatlarga juda katta urg‘u berilgan. (Qonun. 6:6–8; Efes. 6:4)

Shunday qilib, uylanish niyatida yurgan yigit Hikmatlar 24:27 dagi maslahat borasida chuqur o‘ylab ko‘rishi kerak. Shu singari, erga tegmoqchi bo‘lgan qiz ham: «Yaxshi umr yo‘ldosh va ona bo‘la olamanmi?» — deb o‘zidan so‘rashi oqilonadir. Oila qurishni rejalashtirayotgan yoki yangi turmush qurgan juftlik esa farzandlarni voyaga yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan javobgarlikni bo‘yniga olish to‘g‘risida fikr yuritib ko‘rsa bo‘ladi. (Luqo 14:28) Xudoyi Taoloning xizmatchilari shu kabi dono pand-nasihatlarga muvofiq umr kechirib, anchagina muammolarning oldini olibgina qolmay, balki oilaviy hayotning qut-barakalaridan ham bahramand bo‘ladilar.

4–10-AVGUST

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 25

Donolik ila gapirishimizga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi maslahatlar

w15 15/12 19-sah., 6-, 7-xb.

6 Hikmatlar 25:11 da: «O‘z o‘rnida aytilgan so‘z tilla uzukka qo‘yilgan yoqut ko‘zdaydir»,— deb aytilgan. Bu so‘zlar gapirishning vaqtini tanlash muhim ekanini yaqqol tasvirlab beryapti. Yoqut toshning o‘zi betakror ko‘rinishga ega. Ammo uni tilla uzukka qo‘ysa, chiroyiga chiroy qo‘shiladi. Shu kabi, qachon gapirish va qachon sukut saqlashni yaxshi bilsak, nutqimiz yanada yoqimli va ta’sirchan bo‘ladi. Qanday qilib?

7 To‘g‘ri, so‘zlarimiz tinglovchilar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Ammo qachon gapirish kerakligini e’tiborga olmasak, so‘zlarimizdan hech qanday naf bo‘lmaydi. (Hikmatlar 15:23 ni o‘qing.) Masalan, 2011-yil mart oyida Yaponiyaning sharqida qattiq zilzila va halokatli sunami yuz berdi. Oqibatda bu hududdagi ko‘pgina shaharlar butunlay vayron bo‘ldi. 15 000 dan ziyod odam hayoti bilan vidolashdi. Garchi Yahovaning Shohidlari qo‘ni-qo‘shnilari qatori bu falokat dastidan jabr ko‘rgan bo‘lishsa-da, ular qayg‘u chekayotgan insonlarga Muqaddas Kitobdan dalda berish imkonini qo‘ldan boy berishmadi. Mahalliy aholining aksariyati budda diniga chuqur e’tiqod qiladi va Muqaddas Kitob ta’limotlari haqida oz-moz yoki umuman tushunchaga ega emas. Imondoshlarimiz sunami bo‘lganiga hech qancha vaqt o‘tmasdan, yaqinlaridan judo bo‘lganlarga tirilish umidi haqida gapirishning mavridi emasligini fahmlashdi. Shuning uchun ular Muqaddas Kitob yordamida nega begunoh insonlar bilan bunday dahshatli narsalar sodir bo‘layotganini tushuntirib, atrofdagilarga dalda berishdi.

w15 15/12 21-sah., 15-, 16-xb.

15 Qanday ohangda gapirish nima haqda so‘zlashdek muhim ahamiyatga ega. Iso ona shahri Nosiradagi ibodatxonada nutq so‘zlaganida, odamlar «uning naqadar yoqimli so‘zlar aytganidan hayron qolishgan». (Luqo 4:22) Yoqimli so‘zlar nutqimiz qudratini zaiflashtirmay, aksincha, yuraklarga malhamdek bo‘ladi. Darhaqiqat, muloyim so‘zlar nutqimizni yanada ishonchli qiladi. (Hik. 25:15) Biz ham mehribon va xushmuomala bo‘lib, boshqalarning his-tuyg‘ularini inobatga olsak, Isoning o‘rnagiga ergashgan bo‘lamiz. Odamlar uning so‘zlarini tinglashga oshiqayotganini ko‘rib, Iso ularga achindi va «ko‘p narsalarni o‘rgata boshladi». (Mark 6:34) Qolaversa, u haqoratga haqorat bilan javob bermagan. (1 Butr. 2:23)

16 Oila a’zolarimiz hamda jamoatdagi yaqin do‘stlarimiz bilan muloyim va xushmuomala tarzda gapirish qiyin kechishi mumkin. Ularga xayolimizga kelganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirishga moyilmiz. Iso shogirdlari bilan yaqin do‘st bo‘lsa ham, betgachoparlik qilib gapirishni o‘ziga ep ko‘rganmi? Aslo. Shogirdlar o‘zaro kim buyuk ekani borasida bahslashganda, Iso kichkina bolaning misolini keltirib, ularni muloyimlik ila tuzatgan. (Mark 9:33–37) Oqsoqollar ham Isoga taqlid qilib, «muloyimlik bilan» maslahat berishadi. (Galat. 6:1)

w18.04 22-sah., 10-xb.

10 Boshqalarga dalda berish faqatgina oqsoqollarning mas’uliyati emas. Pavlus barcha masihiylarni «tinglovchilarga foyda keltirish uchun, zarur bo‘lganda ularni mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni» gapirishga undagan. (Efes. 4:29) Har birimiz boshqalarga nima «zarur» ekani haqida fikr yuritishimiz lozim. Pavlus ibroniy masihiylarga shunday maslahat bergan: «Bo‘shashgan qo‘llaringizni, majolsizlangan tizzalaringizni baquvvat qilinglar. Oqsagan oyoqlaringiz chiqib ketmasin, aksincha sog‘aysin, deya oyoqlaringiz uchun tekis yo‘l hozirlanglar». (Ibron. 12:12, 13) Hammamiz, jumladan, yoshlar ham daldali so‘zlarni aytib, bir-birimizni mustahkamlay olamiz.

Ma’naviy marvaridlar

g19.3 6-sah., 3-xb.

NIMA QILISHINGIZ MUMKIN? Jahl sizni boshqarmasidan avval, siz uni boshqarishni o‘rganing. Ayrimlarning fikricha, jahlga erk berish kuchlilik belgisi, aslida esa bu zaiflikdir. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Jahlini tiya olmaydigan odam devori qulagan, devorsiz shahar kabidir». (Hikmatlar 25:28) Jahlni nazorat qilishning eng yaxshi yo‘li — vaziyatga munosabat bildirishdan avval barcha tafsilotlarni bilib olish. Xudoning Kalomida: «Fahm-farosatli jahlini tiya oladi»,— deyilgan. (Hikmatlar 19:11) Masalaga atroflicha yondashib, fahm-farosatni namoyon etsangiz, his-tuyg‘ularingizni jilovlash osonroq bo‘ladi.

11–17-AVGUST

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 26

Nodonlardan uzoqroq yuring

it-2 729-sah., 6-xb.

Mavsumlar. Va’da qilingan yurtda ikkita asosiy fasl, ya’ni yoz hamda qish qurg‘oqchilik va yomg‘ir mavsumi bo‘lgan, deb aytish mumkin. (Zb 32:4; Qo‘sh 2:11, izohni solishtiring.) Taxminan aprelning yarmidan to oktabrning yarmigacha u yerda juda kam yomg‘ir yog‘ardi. Bu mavsumda yig‘im-terim ishlari olib borilardi va yomg‘ir deyarli bo‘lmasdi. Hikmatlar 26:1 ga ko‘ra, yomg‘irli ob-havo yig‘im-terim mavsumiga xos emasdi. (1Shh 12:17–19 ni solishtiring.)

w87 1/10 19-sah., 12-xb.

12 Hikmatlar 26:3 da: «Qamchi ot uchun, suvluq eshak uchun, tayoq ahmoqning orqasi uchundir»,– deb yozilgan. Chindan ham, ayrim odamlarga nisbatan kuchliroq choralar ko‘rish talab etilishi mumkin. Masalan, ba’zi paytlarda Yahova isroilliklarni ular o‘zlari orttirgan muammolari orqali bo‘ysundirgan. Bu haqda quyidagilarni o‘qiymiz: «Ular Xudoning so‘zlariga qarshi isyon ko‘tarib, Tangri Taoloning o‘gitlarini nazar-pisand qilmas edi. U qiyinchiliklar orqali ularning qalbini bo‘ysundirdi. Ular qoqilganda, yordam beradigan hech kim topilmadi. Og‘ir kunlarda Yahovadan yordam so‘rab yolvorganda, U azob-uqubatdan ularni qutqardi». (Zabur 107:11–13)

it-2 191-sah., 4-xb.

Dono shoh Sulaymon shunday yozgan: «Ishini nodonga topshirgan odam oyog‘ini mayib qilib, o‘ziga ziyon keltirganga teng». Darhaqiqat, nodonga biron ishni qilishni topshirgan inson o‘ziga ziyon keltiradi. Chunki u topshirgan ish qilinmaydi va bundan uning o‘zi zarar ko‘radi. (Hk 26:6)

Ma’naviy marvaridlar

w23.09 19-sah., 18-xb.

18 Albatta, tushunarli qilib gapirsak ham bu ba’zilar biz aytayotgan narsalarni qabul qilishi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Biroq xushmuomala va muloyim bo‘lib gapirish bunda yordam bera oladi. (Kolosaliklarga 4:6 ni o‘qing.) E’tiqodimiz bilan bo‘lishish xuddi koptokni uloqtirishga o‘xshaydi. Koptokni asta yoki zarb bilan otishimiz mumkin. Asta otganimizda boshqa o‘yinchilar uni bemalol ushlab olib, o‘yinni davom ettira olishadi. Xuddi shu kabi, agar fikrlarimizni xushmuomalalik va muloyimlik bilan yetkazsak, insonlar bizni tinglashga va suhbatni davom ettirishga moyilroq bo‘lishadi. Bahsda g‘olib chiqishni yoki e’tiqodimizni masxara qilishni xohlagan inson bilan suhbatni davom ettirishga majbur emasmiz. (Hik. 26:4) Biroq bunday insonlar ko‘p emas, aksariyati bizni tinglashga tayyor.

18–24-AVGUST

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 27

Chin do‘stlarning bizga qanday foydasi bor?

w19.09 5-sah., 12-xb.

12 Kamtar kishi maslahat uchun minnatdor bo‘ladi. Tasavvur qiling, Yig‘ilish zalidasiz. Bir nechta imondoshingiz bilan suhbat qurgach, ulardan biri sizni chetga chaqirib, tishingiz orasida ovqat qoldig‘i borligini sekingina aytadi. Albatta, bundan xijolat bo‘lasiz. Ammo imondoshingiz bu haqida aytgani uchun minnatdor bo‘lasizmi? Shubhasizki, buni ertaroq aytishlarini istagan bo‘lardingiz. Shunga o‘xshab, imondoshimiz jasorat ila biz muhtoj bo‘lgan maslahatni berganida, kamtarinlik ila undan minnatdor bo‘lishimiz zarur. Uni dushman emas, do‘st deb bilamiz. (Hikmatlar 27:5, 6 ni o‘qing; Galat. 4:16)

w17.06 7-sah., 13-xb.

13 Birodar-u opa-singillarimiz bilan yaqindan muloqot qilib, o‘zimiz uchun chin do‘stlar va yaxshi suhbatdoshlar orttiramiz. (Hik. 18:24) Mana bir misol. Paula ismli imondoshimiz atigi 5 yoshda bo‘lganida, onasi haqiqatdan ketib qoldi. Paula uchun bu sinovga dosh berish oson bo‘lmadi. Ammo Paulaning jamoatidagi An ismli opamiz uning ma’naviyligi to‘g‘risida qayg‘urib, unga shaxsiy qiziqish ko‘rsatganida, u ancha dalda olgandi. «Garchi An menga qarindosh bo‘lmasa-da, u menga g‘amxo‘rlik qilib, yordam qo‘lini cho‘zdi. Bu menga Yahovaga xizmat qilishni davom ettirishga ko‘maklashdi»,— deb bo‘lishdi Paula. Hozir u Yahovaga sadoqat ila xizmat qilmoqda. Paula oyisi bilan yana yelkama-yelka bitta jamoatda xizmat qilayotganidan o‘zini juda baxtiyor his etmoqda. An ham xursand, chunki u Paula uchun ma’naviy ona kabi bo‘ldi.

w23.09 10-sah., 7-xb.

7 Yo‘shning yomon qaroridan olishimiz mumkin bo‘lgan saboqlardan biri shuki, biz Yahovani yaxshi ko‘radigan va Uni xursand qilishni istaydigan insonlar bilan do‘stlashishimiz kerak. Sababi ular bizga ijobiy ta’sir qiladi. Do‘st tanlayotganingizda uning yoshiga e’tibor bermang. Yodingizda bo‘lsin, Yo‘sh Yohayidodan ancha kichik bo‘lgan. Tanlagan do‘stlaringiz borasida o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Ular Yahovaga bo‘lgan imonimni mustahkamlashga yordam beryaptimi? Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashashga meni undayaptimi? Ular Yahova hamda Uning qimmatbaho haqiqatlari to‘g‘risida gapiryaptimi? Xudoning me’yorlariga hurmat namoyon etyaptimi? Ular men eshitishni xohlagan narsani aytyaptimi yoki kerak bo‘lganida menga maslahat beryaptimi?» (Hik. 27:5, 6, 17) Ochig‘ini aytganda, agar do‘stlaringiz Yahovani yaxshi ko‘rmasa, unda ularning sizga keragi yo‘q. Ammo do‘stlaringiz Yahovani yaxshi ko‘rsa, ulardan ayrilmang. Sababi ular sizga doim yordam beradi! (Hik. 13:20)

Ma’naviy marvaridlar

w06 1/10 10-sah., 6-xb.

27:21. Biz haqiqatan ham qanday ekanligimizni maqtov orqali bilib olishimiz mumkin. Kamtarin bo‘lsak, barcha yutuqlarimiz Yahovadan kelganini tan olamiz. Bunday maqtovlar xizmatimizni davom etishga undaydi. Biroq maqtov g‘ururlanishga sabab bo‘lsa, kamtarinlik yetishmasligidan dalolat beradi.

25–31-AVGUST

ALLOH KALOMIDAGI XAZINALAR HIKMATLAR 28

Odil va yovuz insonning farqi

w93 15/5 26-sah., 2-xb.

«YOVUZ uni hech kim quvmasa ham qochadi, odil esa sher kabi dovyurakdir». (Hikmatlar 28:1) Odil inson imonni namoyon etadi, aminlik bilan Allohning Kalomiga tayanadi va xavf-xatarlarga qaramay, Yahovaning xizmatida jasorat ko‘rsatadi.

w18.02 8-sah., 1-, 2-xb.

OXIRZAMON o‘z nihoyasiga yaqinlashib qolgan ekan, yovuz insonlar «maysa kabi o‘sib ketyapti». (Zab. 92:7) Shu bois axloqiy me’yorlarga hech kim amal qilmayotgani ajablanarli emas. Shunday muhitda yashar ekanmiz, qanday qilib «yomonlikka nisbatan yosh bolalarday, idrok etishda esa yetuk kishilarday» bo‘la olamiz? (1 Kor. 14:20)

2 Bu savolning javobini ochqich oyatdan topishimiz mumkin. Unda aytilganiday, «Yahovani izlaganlar barcha narsani», ya’ni Uni mamnun etish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani anglaydi. (Hik. 28:5) Shunga o‘xshash fikr Hikmatlar 2:7, 9 da ham bor. Bu oyatlarga ko‘ra, Yahova «donolikni to‘g‘ri odam uchun saqlaydi». Natijada u to‘g‘rilik, adolat va haqqoniyat nimaligini tushunadi, yaxshilik yo‘llarini anglab yetadi.

it-1 1211-sah., 4-xb.

Inson irodali bo‘lgani uchun emas, balki Yahovaga qattiq ishongani hamda Unga va Uning najotbaxsh qudratiga tayangani uchungina benuqsonlikni saqlay oladi. (Zb 25:21) Xudo benuqsonlik yo‘lida yurganlar uchun «qalqon» va qo‘rg‘on bo‘lishni, ya’ni ularni himoya qilishni va’da beryapti. (Hk 2:6–8; 10:29; Zb 41:12) Benuqsonlik yo‘lida yurganlar doim Yahovaning roziligini olishga intilgani uchun ularning hayoti barqaror bo‘ladi, bu esa ularga qo‘ygan maqsadi tomon chalg‘imasdan harakat qilishga ko‘maklashadi. (Zb 26:1–3; Hk 11:5; 28:18) Garchi, sarosimaga tushgan Ayub aytganidek, aybsiz insonlar yovuzlar qo‘lidan azob chekib, ular kabi hayotdan ko‘z yumsa ham, Yahova benuqson insonlar nimalarni boshdan kechirayotganini bilishiga, ularning merosi saqlanib qolishiga, kelajagi tinch-osoyishta bo‘lishiga va ulardan O‘z ne’matini darig‘ tutmasligiga ishontiryapti. (Ayub 9:20–22; Zb 37:18, 19, 37; 84:11; Hk 28:10) Ayubning misolidan ko‘rinyaptiki, insonning qadri uning boyligi bilan emas, benuqsonligi bilan o‘lchanadi va aynan bu uni hurmatga sazovor qiladi. (Hk 19:1; 28:6) Bunday insonning farzandlari baxtli hisoblanadi (Hk 20:7), chunki otasi benuqson hayot kechirib, ularga ajoyib meros qoldiradi, ya’ni u yaxshi nom va hurmat orttirgani uning farzandlariga foyda keltiradi.

Ma’naviy marvaridlar

w24.04 6-sah., 16-xb.

16 Biz nafaqat yetuk bo‘lishimiz, balki bu jarayon to‘xtab qolmasligiga intilishimiz lozim. Buning uchun o‘zimizga haddan tashqari ko‘p ishonishdan ehtiyot bo‘lish talab etiladi. (1 Kor. 10:12) To‘xtab qolmaganimizga amin bo‘lish uchun o‘zimizni «sinab» turishimiz kerak. (2 Kor. 13:5)

    O’zbekcha adabiyotlar (Roman) (2006-2025)
    Chiqish
    Kirish
    • o‘zbekcha (lotincha)
    • Ulashish
    • Sozlamalar
    • Copyright © 2025 Watch Tower Bible and Tract Society of Pennsylvania
    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Maxfiylik sozlamalari
    • JW.ORG
    • Kirish
    Ulashish