21-TADQIQ MAQOLASI
21-QO‘SHIQ Shohlikni ustun qo‘yaylik
Doimiy shaharni kuting
Kelajakdagi shaharni sabrsizlik bilan kutyapmiz. (IBRON. 13:14)
ASOSIY FIKR
Ibroniylarga 13-bob bizga hozir va kelajakda qanday foyda keltirishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
1. Iso birinchi asrda Quddus bilan nima bo‘lishini bashorat qilgan?
O‘LIMIDAN bir necha kun oldin Iso Masih izdoshlariga muayyan tafsilotlari bor bir bashorat aytgan. Bu bashorat Quddus va undagi ma’bad vayron bo‘lganida ilk bor amalga oshgan. U bir kun kelib «harbiylar Quddusning atrofida qarorgoh» qurishi haqida ogohlantirgan. (Luqo 21:20) Iso izdoshlariga ular harbiylarni ko‘rishganida darhol Yahudiyadan qochishni aytgan. Isoning so‘zlari amalga oshdi va Rim qo‘shini Quddusni o‘rab oldi. (Luqo 21:21, 22)
2. Havoriy Pavlus Yahudiya va Quddusdagi ibroniy masihiylarga qanday maslahat bergan?
2 Rim qo‘shini Quddusni o‘rab olishidan bir necha yil avval havoriy Pavlus muhim xabarni o‘z ichiga olgan va hozir Ibroniylarga yo‘llangan maktub deb tanilgan kitobni yozgan. Ushbu maktubda Pavlus Yahudiya va Quddusdagi masihiylarga bo‘lajak voqealarga tayyorlanishga ko‘maklashadigan muhim maslahat bergan. Oldinda ularni nima kutayotgandi? Quddus vayron bo‘lish arafasida edi. Agar masihiylar omon qolishni istashsa, uylari va ishlarini tashlab ketishga tayyor bo‘lishlari kerak edi. Shunga Pavlus Quddus shahri haqida: «Bu yerda bizning doimiy shahrimiz yo‘q»,— deb yozgan. Keyin u shunday deb qo‘shib qo‘ygan: «Shu bois, kelajakdagi shaharni sabrsizlik bilan kutyapmiz». (Ibron. 13:14)
3. «Poydevori mustahkam... shahar» nima va biz uni nega kutyapmiz?
3 Quddus va Yahudiyani tark etishga qaror qilgan masihiylar, hoynahoy, haqorat va masxaraga uchragan, ammo bu qarori ularning hayotini saqlab qolgan. Bugungi kunda odamlarga tayanmayotganimiz va bu dunyoda xavfsiz hamda qulay hayot kechirishga intilmayotganimiz uchun bizni ham masxara qilishyapti. Unda nega biz bunday qaror qilyapmiz? Chunki bu dunyo vaqtinchalik ekanini bilamiz. Biz «poydevori mustahkam... shaharni», ya’ni Xudoning Shohligini kutyapmiza. (Ibron. 11:10; Mat. 6:33) Ushbu maqoladagi har bir sarlavhada quyidagilarni ko‘rib chiqamiz: 1) qanday qilib Pavlusning ilohiy ilhom ostida bergan maslahati birinchi asrdagi masihiylarga «kelajakdagi shaharni» kutishga yordam bergan? 2) Pavlus ularni bo‘lajak voqealarga qanday tayyorlagan? 3) Uning maslahati bugun bizga qanday yordam beradi?
SIZNI ASLO TARK ETMAYDIGAN SHAXSGA ISHONING
4. Nega Quddus masihiylar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan?
4 Quddus masihiylar uchun katta ahamiyatga ega edi. Mil. 33-yili ushbu shaharda ilk masihiylar jamoatiga asos solingandi va yetakchi kengashdagi birodarlar ham shu yerda yashashardi. Bundan tashqari, Quddusda ko‘p masihiylarning uy-joyi va mol-mulki bor edi. Biroq Iso izdoshlarini ular Quddusdan va hatto Yahudiyadan chiqib ketishlari kerak bo‘lishi haqida ogohlantirgandi. (Mat. 24:16)
5. Pavlus masihiylarni bo‘lajak voqealarga qanday tayyorlagan?
5 Masihiylarni bo‘lajak voqealarga tayyorlash uchun Pavlus ularning diqqatini Yahova Quddus shahriga qanday munosabatda ekaniga qaratgan. Pavlus ularga ma’bad, ruhoniylik va Quddusda keltirilayotgan qurbonliklarni Yahova endi muqaddas deb bilmasligini eslatgan. (Ibron. 8:13) Shaharning aksariyat aholisi Masihni rad etgandi. Quddusdagi ma’bad ortiq Yahovaga pok tarzda topinishning markazi emasdi va yaqinda vayron qilinishi kerak edi. (Luqo 13:34, 35)
6. Nima uchun Pavlusning Ibroniylarga 13:5, 6 dagi maslahati masihiylarga o‘z vaqtida berilgan deb ayta olamiz?
6 Pavlus ibroniylarga maktub yozganida Quddus gullab-yashnayotgan shahar edi. O‘sha davrda yashagan bir rimlik yozuvchi Quddusni «Sharqdagi shaharlar ichida eng mashhuri» deb atagan. Har yili turli yurtlarda yashovchi yahudiylar bayramlarni nishonlash uchun Quddusga kelishgan, bu esa iqtisodiyot ravnaq topishiga hissa qo‘shgan. Bu tufayli ayrim masihiylar ham ko‘p pul ishlaganga o‘xshaydi. Ehtimol, shuning uchun Pavlus ularga: «Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Boriga shukur qilinglar»,— degandir. Keyin u Yahova har bir xizmatchisini ishontirish uchun aytgan so‘zlardan quyidagicha iqtibos keltirgan: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman». (Ibroniylarga 13:5, 6 ni o‘qing; Qonun. 31:6; Zab. 118:6) Keyinroq Quddusda va Yahudiyada yashayotgan masihiylar bu ishontirishga muhtoj bo‘lishgan. Nega? Chunki bu maktubni olganlaridan ko‘p o‘tmay, ular uylari, ishlari va aksariyat mol-mulkini qoldirib ketishga majbur bo‘lishgan. Keyin ular begona joyda yangi hayot boshlashlariga to‘g‘ri kelgan, bu esa oson emasdi.
7. Nima uchun Yahovaga bo‘lgan ishonchimizni hozirdan mustahkamlashimiz kerak?
7 Biz uchun saboq. Yaqinda nima yuz beradi? «Buyuk musibat» boshlanadi va bu yovuz dunyoga chek qo‘yiladi. (Mat. 24:21) Birinchi asrdagi masihiylar kabi biz ham hushyor va tayyor turishimiz kerak. (Luqo 21:34–36) Buyuk musibat paytida Yahova xalqini aslo tark etmasligiga to‘liq ishonib, ayrim yoki bor narsalarimizni tashlab ketishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Hozirdanoq, ya’ni buyuk musibat boshlanishidan oldin Yahovaga qanchalik ishonayotganimizni ko‘rsatish imkoniga egamiz. O‘zingizdan shunday so‘rang: «Ishlarim va maqsadlarim boylikka emas, menga g‘amxo‘rlik qilishni va’da bergan Xudoga ishonayotganimni ko‘rsatyaptimi?» (1 Tim. 6:17) O‘tmishda yashagan masihiylarning o‘rnagi «buyuk musibat» paytida sadoqatli qolishimizga yordam berishi mumkin. Ammo bu musibat masihiylar boshdan kechirgan har qanday qiyinchilikdan ancha mushkulroq bo‘ladi. Buyuk musibat boshlanganida aynan nima qilish kerakligini qanday bilib olamiz?
RAHBARLIKNI ZIMMASIGA OLGANLARGA ITOATKOR BO‘LING
8. Iso shogirdlariga qanday ko‘rsatma bergandi?
8 Pavlusning ibroniylarga yo‘llagan maktubini olganlaridan bir necha yil o‘tib, masihiylar Rim qo‘shini Quddusni qurshab olganini ko‘rishgan. Bu yuz berganida masihiylar Quddus va Yahudiyadan qochish vaqti kelganini tushunishgan. Sababi tez orada Quddus shahri vayron bo‘lishi kerak edi. (Mat. 24:3; Luqo 21:20, 24) Lekin ular qayerga qochishlari kerak edi? Axir Iso shunchaki: «Yahudiyada bo‘lganlar tog‘larga qochsin»,— deb aytgandi. (Luqo 21:21) O‘sha hududda tog‘lar ko‘p edi. Unda masihiylar qaysi toqqa qochishni qanday aniqlashgan?
9. Nima uchun masihiylar qaysi toqqa qochishni o‘ylab, bosh qotirgan bo‘lishi mumkin? (Xaritaga ham qarang.)
9 Masihiylar qochishi mumkin bo‘lgan ayrim tog‘larni ko‘rib chiqaylik: Samariya tog‘lari, Jaliladagi tog‘lar, Xermon tog‘i, Livan tog‘lari va Iordan daryosining narigi tomonidagi tog‘lar. (Xaritaga qarang.) O‘sha tog‘li hududlardagi ayrim shaharlar nihoyatda xavfsiz tuyulgan bo‘lishi mumkin. Masalan, Gamla shahri baland tog‘ning cho‘qqisida joylashgan edi va u yerga yetib borish nihoyatda qiyin edi. Ayrim yahudiylar bu shaharni qochish uchun eng zo‘r joy deb hisoblashgan. Biroq Gamlada yahudiylar va rimliklar o‘rtasida ayovsiz jang bo‘lgan va uning aksariyat aholisi o‘ldirilganb.
Ilk masihiylar qochishi mumkin bo‘lgan ko‘plab tog‘lar bor edi, ammo ularning hammasi ham xavfsiz emasdi (9-xatboshiga qarang.)
10, 11. a) Yahova masihiylarga yo‘l-yo‘riqni qanday bergan bo‘lishi mumkin? (Ibroniylarga 13:7, 17) b) Boshchilikni zimmasiga olganlarga quloq solish masihiylarga qanday foyda keltirgan? (Rasmga ham qarang.)
10 Ko‘rinyaptiki, Yahova masihiylarni jamoatda boshchilikni zimmasiga olganlar orqali yo‘naltirgan. Yevseviy ismli tarixshunos keyinroq shunday deb yozgan: «Quddusdagi jamoat Xudoning irodasi bilan ishonchli kishilarga berilgan vahiy oldi; ularga urush boshlanishidan oldin shahardan ko‘chish va Pereyaning Pella shahriga joylashish... buyurildi». Pella masihiylar qochishi uchun eng yaxshi joy bo‘lganga o‘xshaydi. Bu shahar Quddusdan uncha uzoq bo‘lmagani uchun u yerga yetib borish osonroq edi. Qolaversa, Pellaning aksariyat aholisi yahudiy bo‘lmagan, shunga ular rimliklarga qarshi kurashishga harakat qilishmagan. (Xaritaga qarang.)
11 Tog‘larga qochgan masihiylar Pavlusning jamoatda «rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarga itoatkor» bo‘lish haqidagi maslahatiga amal qilishgan. (Ibroniylarga 13:7, 17 ni o‘qing.) Natijada Xudoning xalqi omon qolgan. Tarix shuni tasdiqlayaptiki, Xudo «poydevori mustahkam... shaharni», ya’ni Xudoning Shohligini kutayotganlarni aslo tark etmaydi. (Ibron. 11:10)
Pella yagona xavfsiz joy bo‘lgan (10-, 11-xatboshilariga qarang.)
12, 13. Qiyin paytlarda Yahova xalqiga qay yo‘sin yo‘l-yo‘riq berdi?
12 Biz uchun saboq. Yahova boshchilikni zimmasiga olganlar orqali xalqiga muayyan yo‘l-yo‘riq beradi. Muqaddas Yozuvlarda qanday qilib Yahova qiyin paytlarda xalqini yo‘naltirish uchun cho‘ponlarni tayinlaganining misollari juda ko‘p. (Qonun. 31:23; Zab. 77:20) Bugungi kunda ham Yahova boshchilikni zimmasiga olganlardan foydalanayotganining yaqqol tasdig‘ini ko‘ryapmiz.
13 Masalan, COVID-19 pandemiyasi boshlanganida «rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlar» jamoatlarga kerakli yo‘l-yo‘riqlar berishdi. Oqsoqollar birodar-u opa-singillarining ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish borasida ko‘rsatmalar olishdi. Pandemiya boshlanganidan ko‘p o‘tmay biz Internet, televideniye va radio orqali 500 dan ortiq tillarda tarixiy anjuman o‘tkazdik. Ma’naviy ozuqa oqimi to‘xtab qolmadi. Natijada birligimizni saqlab qoldik. Kelajakda qanday qiyinchiliklarga duch kelmaylik, shunga aminmizki, Yahova rahbarlikni zimmasiga olganlarga dono qarorlar chiqarishga yordam berishda davom etadi. Yahovaga ishonish va Uning amrlariga bo‘ysunishdan tashqari yana qaysi fazilatlar buyuk musibatga hamda butun yer yuzini larzaga soladigan davrga tayyorlanishimizga ko‘maklashadi?
BIRODARLIK SEVGISI VA MEHMONDO‘STLIKNI NAMOYON ETING
14. Ibroniylarga 13:1–3 ga ko‘ra, Quddus vayron qilinishidan oldin masihiylardan qaysi fazilatlarni namoyon etish kutilgan?
14 Buyuk musibat boshlanganida bir-birimizga har qachongidan ham ko‘proq sevgi ko‘rsatishimiz kutiladi. Bu borada Quddus va Yahudiyada yashagan masihiylarning o‘rnagiga taqlid qilishimiz kerak bo‘ladi. Ular bir-biriga doim sevgi ko‘rsatishgan. (Ibron. 10:32–34) Biroq Quddus vayron qilinishidan bir necha yil avval masihiylar birodarlik sevgisi va «mehmondo‘stlik»ni yanada ko‘proq namoyon etishlari kerak edic. (Ibroniylarga 13:1–3 ni o‘qing.) Zamonaning oxiri yaqinlashar ekan, bizdan ham xuddi shunday qilish kutiladi.
15. Nima uchun ibroniy masihiylar qochib ketishganidan keyin birodarlik sevgisi va mehmondo‘stlikni namoyon etishlari kerak edi?
15 Rim qo‘shini Quddusni qurshab olganida va keyin to‘satdan ortga chekinganida, masihiylar shahardan qochib ketayotib, o‘zlari bilan faqat oz narsa olishgan. (Mat. 24:17, 18) Tog‘larga qochayotib hamda yangi uylariga o‘rnashayotib, ular bir-biriga yordam berishlari kerak edi. Masihiylarning ko‘plab «zaruriy ehtiyojlari» bo‘lgani shubhasiz, bu esa ularga bir-birini qo‘llab-quvvatlash va borini bo‘lishish orqali o‘zaro samimiy birodarlik sevgisi hamda mehmondo‘stlikni ko‘rsatish imkonini bergan. (Titus. 3:14)
16. Yordamga muhtoj imondoshlarimizga sevgimizni qanday ko‘rsata olamiz? (Rasmga ham qarang.)
16 Biz uchun saboq. Imondoshlarimiz yordamimizga muhtoj bo‘lishganida sevgi bizni ularni qo‘llab-quvvatlashga undaydi. Masalan, Xudoning xalqidagi ko‘plar urush va tabiiy ofatlar dastidan qochishga majbur bo‘lgan birodar-u opa-singillarining ma’naviy va moddiy ehtiyojlariga tayyorlik ila g‘amxo‘rlik qilishdi. Urush tufayli uyini tashlab ketgan ukrainalik bir opamiz shunday dedi: «Yahovaning qo‘li birodarlarimiz orqali bizni yo‘naltirganini va bizga yordam berganini his qildik. Ular Ukrainada, Vengriyada va endi bu yerda, Germaniyada bizga mehribonlik ko‘rsatishdi hamda rosa yordam berishdi». Birodar-u opa-singillariga yordam berayotgan hamda ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilayotganlar Yahovaning qo‘lidagi asboblardir. (Hik. 19:17; 2 Kor. 1:3, 4)
Bugungi kunda qochoq imondoshlarimiz bizning yordamimizga muhtoj (16-xatboshiga qarang.)
17. Nega hozirdanoq birodarlik sevgisi va mehmondo‘stlikni rivojlantirish muhim?
17 Kelajakda bunday yordamga hozirgidan ham ko‘proq ehtiyoj bo‘lishi aniq. (Xab. 3:16–18) Yahova hozirdanoq bizga birodarlik sevgisi va mehmondo‘stlikni rivojlantirishni o‘rgatyapti. O‘sha paytda bu fazilatlar nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
KELAJAKDA NIMA BO‘LADI?
18. Birinchi asrdagi ibroniy masihiylarga qanday taqlid qilishimiz mumkin?
18 Tarix shuni ko‘rsatyaptiki, tog‘larga qochgan masihiylar Quddus vayron qilinganida omon qolishgan. Ular shaharni tark etishgan, ammo Yahova ularni hech qachon tark etmagan. Bizning kunlarimiz haqida nima desa bo‘ladi? Kelajakda voqealar qanday tus olishini bilmaymiz. Biroq Iso bizni itoat qilishga tayyor turish haqida ogohlantirgan. (Luqo 12:40) Shuningdek, Pavlus ibroniylarga yo‘llagan maktubida bergan maslahat hozir ham birinchi asrdagi kabi amaliy. Qolaversa, Yahovaning Shaxsan O‘zi bizni hecham tashlab ketmasligiga va aslo tark etmasligiga kafolat bergan. (Ibron. 13:5, 6) Keling, doimiy shahrimizni, ya’ni Xudoning Shohligini hamda u keltiradigan abadiy barakalarni sabrsizlik bilan kutaylik. (Mat. 25:34)
157-QO‘SHIQ Chin tinchlik
a Muqaddas Kitob yozilgan paytlarda shaharlarni shoh boshqargan. Bunday shaharni shohlik deb hisoblash mumkin edi. (Ibt. 14:2)
b Bu mil. 67-yili, masihiylar Yahudiya va Quddusdan qochishganidan ko‘p o‘tmay yuz bergan.
c «Birodarlarcha sevinglar» deb tarjima qilingan so‘z yaqin qarindoshlarga bo‘lgan sevgini anglatishi mumkin, biroq Pavlus bu so‘zni jamoat ichidagi sevgi rishtasiga nisbatan qo‘llagan.